1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

Kim o‘zarga yig‘ilayotgan "layk"lar

Yoxud ijtimoiy tarmoqlardagi erkinlik – buni kim qanday talqin qiladi?

Kim o‘zarga yig‘ilayotgan "layk"lar

 

So‘nggi o‘n yillikda internet – insoniyat rivojlanishida katta taʼsir kuchga egaligi hamda o‘zining salbiy va ijobiy oqibatlarini keltirib chiqarayotgan vosita deb taʼriflanmoqda. Uning yordamida turli masalalarni hal etish mumkin yoki ayanchli oqibatlarga olib keluvchi muammolarga duchor bo‘lish ham hech gap emas, albatta.

 

Dastlab chatlar ko‘rinishidagi ijtimoiy tarmoqlar paydo bo‘ldi. U odamlar suhbatlashadigan makonga aylandi. Shu sabab, har kim tiliga kelganini gapirdi, yana kimdir sukut saqlab, boshqalarni kuzatish bilan band bo‘ldi. Xullas, ko‘plab odamlarni bir chat muloqot maydoniga yig‘ishga erishdi. Internetning egasi esa boyish bilan ovora edi. Bu jarayon rivojlanib endilikda chatlar turli dasturlar va saytlar ko‘rinishida maxsus imkoniyatlarga ega bo‘ldi va butun dunyoga keng tarqaldi. Xususan, “Facebook”, “Twitter”, “Telegram”, “YouTube”, “TikTok” va boshqalar shaklida.

 

Xo‘sh, o‘zimizga bir savol bilan murojaat qilsak: “Ijtimoiy tarmoqlar biz uchun nimaga kerak?”. Mazkur savol orqali odamlardan turlicha fikrlarni olishimiz mumkin. Yaʼni “ijtimoiy tarmoqlar biz uchun juda zarur va bugungi kun talabi” deb uni oqlovchilar va “ijtimoiy tarmoqlar bugungi kunda foydasidan ko‘ra zarari ko‘payib bormoqda va uningsiz ham hayotimiz o‘taveradi” deguvchi qarshi taraf vakillari. Ikki tarafdan olib qaraganda fikrlar to‘g‘ri va asoslidir. Kimdir undan to‘g‘ri, maqsadli va samarali foydalangan holda hayotda o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishmoqda va kimdir undan noto‘g‘ri foydalangan holda qimmatli bo‘lgan vaqti, sog‘ligi va kapitalini sarflab o‘z maqsadlariga erisha olmay xunobda. Bu ayni haqiqat.

 

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining xabar berishiga ko‘ra, yurtimizda faoliyati cheklab qo‘yilgan internetning “Twitter”, “WeChat” va “Vkontakte” ijtimoiy tarmoqlari joriy yilning 1 avgustidan o‘z faoliyatini qaytadan boshladi. Bu tarmoqlar foydalanuvchilari uchun ayni muddao bo‘ldi. Ruxsat berildi, degani barcha narsani targ‘ib qilaverish degani emasligini foydalanuvchilari tushunishi zarur, aslida. Birgina misol tariqasida keltirsak. “Telegram” messenjer tarmog‘ining ko‘plab kanallarida uch nafar yosh qizlarning “sevgi” borasidagi behayo va odob-axloq normalariga zid bo‘lgan fikr hamda harakatlari tasvirlangan lavha tarqaldi. O‘z o‘zidan turli savollar keladi: “Yoshlarimizning tarbiyasiga nima bo‘lyapti?, Kelajagimiz shu kabi yoshlarning qo‘lidami?, Bo‘lg‘usi onalar shundaymi? Ular tarbiya qiladigan farzandlar qanday bo‘ladi?” va hokozo. Bu kabi video, rasm yoki matnli xabarlarni yana ko‘plab uchratishmiz mumkin. Ayni “Twitter”, “WeChat” va “Vkontakte” ijtimoiy tarmoqlarining faoliyatiga ruxsat berilishi ana shunday videolarning ko‘payishidek, go‘yoki.

 

Har qanday imkoniyatdan oqilona foydalanish, uni samarali maqsadlar sari yo‘naltirish avvalo insonning o‘ziga bog‘liq, albatta. Shu o‘rinda mavlono Jaloliddin Rumiyning quyidagi fikrlarini keltirish o‘rinlidir. “Ey dono odam, sen eng avvalo narsalarning mohiyatini bil, ularning aldamchi shakliga ishonma”. Qanchalik maʼnoli hikmatlari bugungi kunga nechog‘li monand kelmoqda. Bir qarashda go‘zal va yaxshi bo‘lib ko‘rinayotgan lavhalar yoshlarimizni o‘ziga rom etayotir.

 

Keling endi ijtimoiy tarmoqlarning salbiy jihatlari xususida baʼzi bir tahliliy maʼlumotlariga nazar tashlaylik. UNICEF maʼlumotiga ko‘ra, internet foydalanuvchilarining uchdan bir qismi 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlardir. Ana shunday bir holatda, global tarmoqda o‘z joniga qasd qilishning oson yo‘llarini targ‘ib qiluvchi 9 ming, shahvoniy mazmundagi 4 mingdan ziyod sayt mavjudligi aniqlangan. Shuningdek, UNICEF o‘tkazgan so‘rovlar internetdan foydalanadigan o‘smirlarning 90 foizi axloqsiz surat va videolarga duch kelishi, 60 foizi esa bu turdagi axborotni izlaganini maʼlum qilgan. Shu o‘rinda taʼkidlash joizki, O‘zbekistonda internet foydalanuvchilarining 35 foizi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilari va ularning aksariyati aynan yoshlar, shuningdek, bolalar ham hisoblanadi.

 

Darhaqiqat, fiziologik maʼlumotlarga ko‘ra, insonda 15–20 yosh – bu ruhiy o‘zgarish davri hisoblanadi. Ijtimoiy tarmoqlardagi behayolikni targ‘ib qiluvchi kontentlar ko‘rish va guruh hamda kanallarga aʼzo bo‘lib, ularni doimiy kuzatib boruvchilar, xususan, yoshlar u yerdagi fotosuratlar, videolavhalarni tomosha qilishlari salbiy oqibatlarga olib kelishini bilishmaydi. Internetdan samarali foydalanishni o‘rgatish mexanizmi hali to‘liq yaratilgani yo‘q.

 

Ijtimoiy tarmoqlarning yana bir salbiy jihati loqaydlikdir. Loqaydlik – jamiyat ishiga beparvo va sovuqqonlik bilan yondashishni ifodalovchi maʼnaviy illat. Amir Temur bobomiz loqayd insonlar xususida o‘zining “Temur tuzuklari” kitobida shunday deydi: “Tajribamda ko‘rilgankim, azmi qatʼiy, tadbirkor, hushyor, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshiroqdir”. Ijtimoiy tarmoqlarga mukkasidan ketish oqibatida odamni loqayd va beparvo yuruvchi qiyofaga kirmoqda. Ko‘ruvchi ko‘zlar qotib, eshituvchi quloqlar esa moslashib, odatiy holga aylanmoqda.

 

Bizga maʼlumki, qayerda beparvolik va loqaydlik bo‘lsa, eng muhim hayotiy masalalar o‘zibo‘larchilikka tashlab qo‘yilsa, o‘sha joyda maʼnaviyat ojiz va zaiflashadi. Ularga maʼnaviyat begona bo‘ladi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarning salbiy tomonlaridan yana biri – bu tanballikdir. Tanballik – ishyoqmaslik, dangasalik kabi maʼnaviy illatlarni ifodalovchi tushuncha. Tanballik insonlardagi illat hisoblanadi. Tanbal kishi yolchitib mehnat qilmasa-da, yaxshi yashashni xohlaydi, birovlarning mehnati evaziga kun kechirishdan aslo uyalmaydi. Uyatdan begonalashgan inson deyish mumkin.

 

Ushbu zararli illatlarni yana davom ettirish mumkin: savodsizlik, sabrsizlik, odamovilik, yolg‘izlikka intilish. Ammo virtual olamda esa ular mard va jasur. Oddiy hayotida bu fazilatlardan asar ham yo‘q, aslida. Maʼnan qashshoqlik deb shunga aytilsa kerak.

 

Aynan ana shunday insonlar hayotni internet va smartfonsiz tasavvur qila olishmaydilar. Ular jonli suhbat o‘rniga tarmoqdagi matnli muloqotni (ko‘pincha hech qachon ko‘rmagan “do‘stlari” bilan ham) afzal ko‘rishadi. Yana bir eʼtiborli jihati hozirgi ayrim yoshlarning klipli tafakkur qilish xususiyatidir. Klipli tafakkur bu atrofdagi olamni kichik hajmdagi videokliplar, qisqa metrajli yangiliklar kanali yoki boshqa muqobil ko‘rinishda qisqa, rang-barang va yorqin bo‘yoqlarda idrok qilishidir. Bunday tasavvur qilish “TikTok”, “Instagram” kabi ijtimoiy tarmoqlar uchun ayni muddaodir. Klipli lavha egalariga katta hajmdagi maʼlumot va axborotni qabul qilish muayyan qiyinchilik tug‘diradi. Turli axborotlarning juda ko‘pligi fikrni jamlashni va o‘zlashtirish jarayonini murakkablashtiradi, sabrsizlikni kuchaytiradi, irodasizlikka olib keladi.

 

Mutaxassislarning o‘rganishlari natijalariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda bachkana, maʼnosiz va behayo mazmundagi, haqoratli so‘zlardan iborat videolavhalar hamda xabarlarning ko‘pligi aniqlangan. Bunday mazmundagi kontentning mualliflar tomonidan qo‘yilishiga sabab, ko‘p “like” olish va muxlislar sonini ko‘paytirish ham o‘zini o‘zi ko‘z-ko‘z qilishdir.

 

Yana bir jihat ham borki, bu ham bo‘lsa mualliflarning slengi, yaʼni so‘zlashuv (ko‘p holatlarda haqoratli) uslubi. Mazkur muloqot tilini “o‘zrus tili” desa bo‘ladi. “O‘zrus” tili – bu o‘zbek va rus tillarining qorishmasidan iborat voqelikdir.

 

Lekin shuni ham tan olish kerakki, ijtimoiy tarmoqlarning foydali taraflari ham bisyor. Xususan, axborot almashinuvining juda tezligi va masofa tanlamasligi, foydali kontentlarning mavjudligi yaʼni, turli fan-texnika yoki til o‘rganish borasidagi videolar joylaydigan guruhlarning mavjudligi, texnika taraqqiyotining bu bosqichida hatto kichik yoshdagi bolalarning turli gadjetlardan foydalana olish intellektini ortganligi, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va undan foydalangan holda rivojlantirish va boshqalar.

 

Shunday ekan azizlar xulosa qilish o‘zimizdan, zamon bilan hamnafas yuramiz deb ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan va umum eʼtirof etilgan odob-axloq normalari hamda maʼnaviy qadriyatlarimizni oyoq-osti qilishimiz mumkin emas. Asrlar osha davom etib kelgan odobimiz, axloqimiz va tarbiyamiz bilan kelajak avlodga o‘rnak bo‘laylik. Unutmangki, siz kelajak avlodning tarbiyasi uchun masʼulsiz!

 

Alisher Madraximov,

Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti kichik ilmiy xodimi

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика