Bu haqda Ukraina Mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasi vakili Andrey Yusov telemarafonda maʼlum qildi.
"Ukraina jasadlarni topshirish so‘radi va murojaat qilishda davom etmoqda. Hozircha Rossiya tomoni bunga rozi bo‘lmadi. Shu bois, Ukrainaning nafaqat Il-76 samolyoti qulashi holatlari, balki uning ichida nimalar bo‘lganligi – u yerda odamlar bor-yo‘qligi, o‘q-dorilar bor-yo‘qligi, kimlar bo‘lganligi bo‘yicha ham xolis xalqaro tergov o‘tkazish talabi dolzarbligicha qolmoqda", — dedi Yusov.
Ukraina razvedkasi vakilining taʼkidlashicha, Rossiya Mudofaa vazirligi halok bo‘lgan deb eʼlon qilgan 65 nafar ukrainalik askarning maqomi o‘zgarmagan — ular hamon harbiy asirlar sanaladi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Il-76 harbiy-transport samolyoti 24 yanvar kuni Belgorod viloyati yaqinida halokatga uchragandi. Rossiya Mudofaa vazirligi samolyot bortida 65 nafar ukrainalik harbiy asir bo‘lganini maʼlum qilgan. Ukrainada ular Moskva mahbuslarni ushbu samolyotda tashish haqida ogohlantirmaganligini daʼvo qilmoqda.


