“Baxti Tashkentskiy”ning akasi Shuhrat Qudratullayev intervyu berib, o‘z hayot yo‘li, yo‘l qo‘yilgan xatolar va yosh avlod uchun saboqlar haqida fikr bildirdi.
Qudratullayev so‘zlariga ko‘ra, avvallari u ko‘cha hayotini havas qilgan, biroq vaqt o‘tishi bilan bu yo‘l og‘ir oqibatlarga olib kelishini anglab yetgan. Uning ta’kidlashicha, ko‘cha hayotini orzu qilish noto‘g‘ri bo‘lgan, chunki shu yo‘l orqali ko‘p narsani — oilani, yaqinlarni, bolalarning yoshlik davrini yo‘qotgan.
“Men 12-yilini zona ichida o‘tayapman, bundan oldin esa 10 yil Jasliqda va 71-koloniyada bo‘ldim. O‘tmish qo‘ymas ekan, yana shu joylarga kelib qoldik. Ko‘cha hayotini havas qilib yashaganmiz, ammo keyin bildik — havas qiladigan narsa emas ekan. Ko‘p narsani yo‘qotdik: jigarlarimizni, oilamizni, bolalarimizning yoshliklarini. Kerakli paytda oilamiz oldida bo‘lolmadik. O‘zimiz sababchi bo‘lib shunaqa joylarga kelib qoldik”, — dedi Qudratullayev.
Shuningdek, u yoshlarga murojaat qilib, ularni to‘g‘ri yo‘lda bo‘lishga chaqirdi: qonun ustuvorligini hurmat qilish, ta’lim olish, mehnat qilish va davlatga foyda keltirish. U o‘tmishdagi xatolaridan pushaymonligini ochiq ifoda qilib, oilasiga yetkazilgan qiyinchiliklarni esladi.
“Endi yoshlarimiz to‘g‘ri yo‘lda bo‘lsin. Prezidentimiz sharoit yaratib beryaptilar: tadbirkorlik qilish, o‘qish, farzandlarimizning ta’lim olishi imkoniyati bor. Shuni eslataman — qonunni hurmat qilish, davlatga foydamiz tegishi, zararimiz tegmasligi muhim. Oilamiz, qarindoshlarimiz oldida mas’uliyatimizni his qilaylik”, — deydi Qudratullayev.


