
Shu bois yurtimizda ob-havo yanada isidi. Ammo bugun ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo va Samarqandning ayrim hududlarida kuchli shamol bo‘lib, chang va qum bo‘ronlari ko‘tarilgani aks etgan videolar tarqaldi. Bu qanchalik asosli? Yurtimizda ertaga qanday ob-havo hukm suradi? Ushbu savollarga javob olish maqsadida O‘zgidromet mutaxassisi Erkin Abdulaxatov bilan bog‘landik:
— So‘nggi paytlarda dunyoda iqlim o‘zgarishi tufayli, yaʼni atmosferadagi notabiiylik kuchayib ketgani bois, tabiiy ofatlar soni ko‘payib bormoqda. Hozirda dunyo okeanida tropik siklonlarning faolligi kuchaygan. Birgina o‘tgan yilning o‘zida Atlantika okeanida rekord darajada ko‘p tropik siklonlar kuzatildi. Kuni kecha Xitoyga mamlakatning sharqiy qismidan, yaʼni Tinch okeani hududidan “In-Fa” (tayfun) tropik sikloni kirib keldi. Bu Shanxay hududlarida kuchli yog‘ingarchilik, shamol va bo‘ronlarni keltirib chiqargan. Undan tashqari, Xitoyning markaziy qismlarida musson oqimlari rivojlangan. U kuchli yog‘ingarchilik, sel va suv toshqinlariga sabab bo‘lyapti. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Xitoydagi holat yolg‘on xabarlar emas. Ular mamlakat hududida shu kunlarda haqiqatda sodir bo‘lgan. Geografik sharoitdan kelib chiqadigan bo‘lsak, bu kabi tabiiy ofatlarlarni keltirib chiqaruvchi havo oqimlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston hududiga kirib kelmaydi. Lekin O‘zbektistonga baʼzida kirib keluvchi sovuq Sibir antitsikloni rivojlanishida maʼlum taʼmirlarni keltirib chiqaradi.
26-27 iyul kunlari yurtimizda kuchli shamol va chang bo‘ronlari kuzatilishi haqida O‘zgidromet avvaldan aholini xabardor qilmoqda. Hozir bizda jazirama issiq davom etmoqda. Bu yurtimizda past havo oqimini yuzaga keltirdi. Bugun buning guvohi bo‘ldik: voha hududlarida kuchli shamol, chang va qum bo‘ronlari sodir bo‘ldi. Bu hodisa ertaga ham davom etadi. Bunga sabab ayni kunlarda Qozog‘istonning shimoliy hududlarida antitsiklon o‘tmoqda. Bugungi chang bo‘ronlar antitsiklon taʼsiridir. Saraton issig‘i va qurg‘oqchilik avj olgan pallada yer sirtidagi tuproqning xususiyatlari juda mo‘rt bo‘lib qoladi. Chang va qum bo‘ronlarining xavfliligi yil davomida, ayniqsa, voha tomonlarda yiliga 25-26 marotaba sodir bo‘ladi. Uning davomiyligi 3 soatdan oshmaydi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi va hokimiyatlar fuqarolardan kuchli shamol kuzatilganda ko‘chada harakatlanmaslik, avtomobillarni daraxtlar va boshqa turli mustahkam bo‘lmagan konstruksiyalardan uzoqroq, xavfsiz joyga qo‘yishni so‘raydi.
Bahriniso MADUAMROVA


