Adliya vazirligi tomonidan Konstitutsiyada belgilangan normalarni keng jamoatchilikka, ayniqsa, o‘quvchi yoshlar orasida sodda va tushunarli tarzda targ‘ib qilish maqsadida “Konstitutsiyaga sayohat” nomli interaktiv kitob hamda huquqiy multfilmlar yaratildi. Loyiha 5 dekabr kuni taqdim etilib, unda mazkur materiallarning o‘quvchilar uchun ahamiyati ta’kidlandi.
Ushbu loyiha Konstitutsiyani ilk bor bolalar tiliga moslashtirgan bo‘lib, interaktiv kitob va 40 seriyali multfilmni o‘z ichiga oladi. Asarlarda Konstitutsiya moddalari sodda, ravon va bolalarga mos til orqali tushuntiriladi, huquq va majburiyatlar qiziqarli qahramonlar orqali hikoya qilinadi. Loyiha yosh avlodning huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ularni muammolarni to‘g‘ri hal qila oladigan yetuk shaxs sifatida tarbiyalashga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan. Materiallar maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar uchun foydali bo‘lib, maktablarda “Huquq” fanida qo‘llanilishi rejalashtirilgan.
Taqdimotda Adliya vazirligi, “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Konrad Adenauer fondi vakolatxonasi rahbari, OAV vakillari va jamoatchilik faollari ishtirok etdi. Tadbir davomida loyihaning ahamiyati, yoshlarning huquqiy ongini shakllantirishdagi roli, shuningdek yangi loyihalar haqidagi videoroliklar taqdim etildi. “Konstitutsiyaga sayohat” interaktiv kitobi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga topshirildi va yig‘ilganlar loyiha haqida iliq fikrlar bildirdi.


