Bugun, 22 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev aholini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Mamlakatda aholi salomatligini yaxshilash va hayot sifatini oshirishga qaratilgan ko‘plab ijtimoiy, hududiy dasturlar bajarilmoqda. Xususan, so‘nggi olti yilda ichimlik suvi sohasiga davlat byudjetidan 14 trillion 500 milliard so‘m yoki oldingi davrga nisbatan 6 baravar ko‘p mablag‘ ajratilgan. 31 ming kilometr ichimlik suvi va oqova tarmoqlari o‘tkazilgan, 1200 ta suv inshootida qurilish-taʼmirlash bo‘lgan. Bu ishlar natijasida mingta mahalladagi 6,5 mln aholi yashaydigan xonadonlarga ilk bor toza ichimlik suvi kirib bordi.
Lekin hali 30 ta tuman va 1 ming 400 ta mahallada ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash talab etiladi. Ular uchun toza suv manbasini topish zarur.
Ko‘p hollarda suv behuda yo‘qotilyapti, isteʼmolning aniq hisobi yo‘q. Ayrim nasoslar, soha korxonalariga tegishli maxsus texnikalar eskirgan.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda shu kabi muammolar muhokama qilinib, zarur chora-tadbirlar belgilandi.
“O‘zsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyatiga joriy yil yakunigacha 12 ming kilometr tarmoq hamda 1300 ta suv inshootini qurish va taʼmirlash vazifasi qo‘yildi. Buning hisobiga 145 ta mahalladagi 1 million 100 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvidan bahramand bo‘ladi, 2 mingta mahalladagi taʼminot yaxshilanadi.
Viloyat hokimlariga xalq deputatlari bilan birga kelgusi yil uchun dastur ishlab chiqib, hukumat qaroriga kiritish topshirildi. Bunda suv taʼminoti darajasi past 30 ta tumanga alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi.
Qo‘shrabot tumanida ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash, Buxoro va Jizzax shaharlarida oqova suv, Guliston, Yangiyer va Shirin shaharlarida kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish kabi loyihalarning bajarilishi ko‘rib chiqildi.
Buxorodagi ishlar xarajati maqbullashtirilgani bu borada namuna. Xususan, Buxoro shahrida tozalash va oqova suv tizimini rekonstruksiya qilish bo‘yicha 281 million dollarlik loyihaning 75 million dollari iqtisod qilingan. Bu mablag‘ evaziga yana 1150 kilometr suv va 117 kilometr oqova tarmoqlarini qurish mumkin.
Shu kabi loyihalarning xarajatlarini maqbullashtirish, iqtisod qilingan mablag‘larni o‘sha hududdagi suv taʼminoti va oqova tizimini yaxshilashga yo‘naltirish muhimligi aytildi.
Soha mutasaddilari va viloyat hokimlariga yana 24 ta istiqbolli loyihaning texnik-iqtisodiy jihatlari yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Suv yetkazuvchi nasoslarni energiya tejamkoriga almashtirish, soha korxonalarini moliyaviy barqarorlashtirish choralari ham belgilandi.


