Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish doirasida mavjud va yangidan barpo etiladigan yashil maydonlarga tuman yoki shahar hokimining qarori bilan masʼullar belgilanadi. Ular daraxtlarni parvarishlash bilan birga ushbu hududni obod saqlashga ham javob beradi.
Ko‘p qavatli uylarga tutash hududlar uy-joy mulkdorlariga yashil maydonlar barpo etish uchun biriktiriladi va u yerlarda qurilish qilishga ruxsat berilmaydi. Muassasalar hovlisi, mahallalar, yo‘l va dala chetlariga ham daraxt ko‘chatlari ekiladi. Mutaxassislarning tavsiyasiga asosan, hududlarda ekish uchun 27 turdagi daraxt ko‘chatlari taklif etilmoqda.
Maʼlumotlarga ko‘ra, kashtan, oq qayin, eman, yapon saforasi, shumtol, qayrag‘och, pavloniya, terak, akatsiya, chinor, tup, jiyda, yong‘oq, behi, uzum, qirim qarag‘ayi va archasi bizning iqlimimizga mos.
Davlat ekologiya qo‘mitasining daraxt2020.uz elektron platformasi barcha viloyatlarda tashkil etilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish shtabi bilan integratsiya qilinadi. Yaʼni ekilayotgan daraxtlar hisobi onlayn tarzda yuritilib, shaffoflik taʼminlanadi. Hozirda platformani takomillashtirish ishlari davom etmoqda. Jarayon nihoyasiga yetgach istagan kishi raqamlar bilan onlayn tanishish imkoniga ega bo‘ladi.


