Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda COVID-19‘ga qarshi vaksinalar va ularning buster dozalari samaradorligiga doir tadqiqot natijalari haqida maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, izlanishlar davomida emlash vositalari kasallikning og‘ir o‘tishi va o‘lim xavfini keskin kamaytirishi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi. Shu bilan birga, vaksinalar virusni yuqtirgan bemorlarda infarkt va insult yuzaga kelishining oldini oladi.
Qolaversa, JSSTning vaksinalar bo‘yicha texnik maslahat guruhi hukumlatlarga epidemiologik vaziyatni doimiy monitoring qilib borish yuzasidan tavsiyalarini berdi.
Bu koronavirusga qarshi dori vositalarining samaradorligini baholash va ularni yana-da takomillashtirish uchun zarurligi qayd etildi.
T. Gebreyesusning taʼkidlashicha, bugun Yer yuzidagi epidemiologik holat uch yil avvalgiga nisbatan yaxshiroq. Biroq COVID-19 ga beparvo bo‘lish yaramaydi. Shu bois tashkilot rahbari o‘tgan juma kuni dunyo hozircha yangi pandemiyaga tayyor emas, deb bayonot berdi.
Eslatib o‘tamiz, JSST xulosasiga ko‘ra, kasallikka qarshi maksimal samaradorlikka erishish uchun odamlar to‘liq bosqichda va buster dozada emlanishlari zarur. Bunga, birinchi navbatda, xavf guruhiga mansub aholi qatlami, yaʼni:
- 60 yoshdan oshganlar;
- surunkali kasalliklarga chalinganlar;
- immuniteti zaif kishilar;
- homilador ayollar;
- tibbiyot xodimlari amal qilishlari kerak.


