Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ma’lum qilishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi ehtimoliy uchrashuv Moskva hududidan tashqarida o‘tkazilishi haqidagi chaqiriqlar “asoslanmagan talab” sifatida baholanmoqda.
Peskovning eslatishicha, Putin sentabr oyining boshida Zelenskiy bilan uchrashuvni aynan Moskva shahrida o‘tkazishni taklif qilgan hamda Rossiya poytaxtini muzokaralar uchun “eng maqbul joy” deb atagan. Shuningdek, u Ukraina delegatsiyasi uchun xavfsizlik va barcha shart-sharoitlar ta’minlanishini kafolatlagan edi.
Kreml vakili ta’kidlashicha, ilgari Zelenskiy tomonidan Shveytsariya va Avstriya kabi davlatlar taklif qilingan, biroq ular Rossiya nazarida de-fakto neytral emasligi bois maqbul variant sifatida ko‘rilmagan.
Eslatib o‘tamiz, kecha Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Putin bilan muzokarani Qozog‘istonda o‘tkazishni ilgari surdi. Qozog‘iston rahbari Qosim-Jo‘mart To‘qayev esa Ostona bunday uchrashuvga maydon taqdim etishga tayyorligini bildirgan.


