Kuba hukumati Qo‘shma Shtatlarning siyosiy va iqtisodiy bosimi kuchaygani fonida xalqaro favqulodda holat eʼlon qildi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges Parrilla maʼlum qildi deydi TASS.
Vazirning taʼkidlashicha, AQSHning Kubaga nisbatan olib borayotgan siyosati mamlakat suvereniteti va xavfsizligiga favqulodda va g‘ayrioddiy tahdid tug‘dirmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu xavf xalqaro hamjamiyat bilan birdamlikda baholanib, favqulodda choralar ko‘rishga majbur qilgan.
“Kuba xalqi Qo‘shma Shtatlar hukumatining Ozodlik oroliga nisbatan harakatlari favqulodda tahdid tug‘dirayotganini eʼtirof etdi va shu munosabat bilan xalqaro favqulodda holat eʼlon qildi”, — deb yozdi vazir X ijtimoiy tarmog‘ida.
Bruno Rodriges Parrillaning qayd etishicha, Vashingtondan kelayotgan tahdidlar to‘liq yoki asosan AQSHdagi Kubaga qarshi neofashistik o‘ng qanot kuchlari bilan bog‘liq bo‘lib, bu holat nafaqat Kubaning milliy xavfsizligiga, balki xalqaro tinchlik va barqarorlikka ham tahdid solmoqda.
Mazkur bayonot AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan Kubaga neft yetkazib beruvchi mamlakatlar mahsulotlariga tariflar joriy etishga ruxsat beruvchi farmon imzolanganidan so‘ng yangradi. Kuba tashqi ishlar vaziri ushbu qarorni yoqilg‘i taʼminotini to‘liq blokirovka qilishga qaratilgan urinish, xalqaro savdo tamoyillarini buzuvchi va Kuba aholisi uchun ekstremal sharoitlar yaratadigan chora sifatida keskin qoraladi.


