Shimoliy Koreyaning josus sunʼiy yo‘ldoshini orbitaga chiqarishga ikkinchi urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Raketa-tashuvchining uchinchi pog‘onasida nosozlik yuz berdi, deb xabar berdi The Guardian.
May oyida parvozga birinchi urinish muvaffaqiyatsiz tugagandi. O‘shanda “Chollima-1” raketasi dengizga qulab tushgan.
Bu safar raketaning birinchi va ikkinchi pog‘onalari parvozi yaxshi o‘tgan, biroq uchinchi bosqich parvozi vaqtida favqulodda portlash tizimidagi xatolik tufayli missiya yakunlanmagan.
Janubiy Koreya harbiylari Soxe kosmodromidan uchirilgan raketaning parvozini kuzatib turgan va u muvaffaqiyatsizlikka uchradi, degan xulosaga kelgan.
Kosmik apparatni uchirishga navbatdagi urinish oktyabr oyiga rejalashtirilgan.
Yaponiyada trevoga eʼlon qilindi
KXDR sunʼiy yo‘ldoshi sabab Yaponiyada tongda favqulodda ogohlantirish eʼlon qilindi. Unda Okinavaning eng janubiy prefekturasi aholisiga yopiq joylardan boshpana topish tavsiya berildi.
Trevoga eʼlon qilinganidan taxminan 20 daqiqa o‘tgach, Yaponiya hukumati raketa Tinch okeaniga o‘tib ketganini maʼlum qildi va trevoga to‘xtatildi.
Janubiy Koreya KXDR harakatlarini qoraladi
Janubiy Koreya harbiylari sunʼiy yo‘ldoshni uchirishga urinishni provokatsiya va BMT Xavfsizlik Kengashining Shimoliy Koreyaga ballistik raketa texnologiyasidan foydalanishni taqiqlovchi rezolyutsiyalarini buzish sifatida qoraladi.
Anonimlik sharti bilan gapirgan amerikalik mulozim AQSH harbiylari Shimoliy Koreyaning sinovidan xabardor ekanini tasdiqladi, biroq tafsilotlarni berishdan bosh tortdi.
Shimoliy Koreya Milliy aerokosmik maʼmuriyati muvaffaqiyatsizlik sababini tekshirish va tuzatish choralarini ko‘rishini maʼlum qildi.
Yadro quroliga ega KXDR orbitaga o‘zining birinchi harbiy josuslik sunʼiy yo‘ldoshini joylashtirmoqchi. Kelajakda Pxenyan Amerika va Janubiy Koreya qo‘shinlarining harakatini kuzatish uchun butun sunʼiy yo‘ldoshlar flotini yaratishni rejalashtirmoqda.


