Qashqadaryo viloyatida haydovchilardan biri mast odamni urib yuborib, jabrlanuvchiga birinchi yordamni ko‘rsatmasdan, uni paxta dalasiga tashlab ketgan.
Ma’lum qilinishicha, hodisa Qarshi tumani hududidan o‘tgan yo‘lda sodir bo‘lgan. Qarshi tumani Qoraquchchi mahallasida yashagan marhum kechki soat 00:30 atrofida onasining uyidan mast holda chiqqan va shunda uni mashina urib ketgan.
IIO tomonidan olib borilgan surishtiruvlarda YTHni Qarshi tumanida yashovchi Labo haydovchisi sodir etgani aniqlangan. Ma'lum bo'lishicha, haydovchi piyodani urib yuborganidan so‘ng uni mashinaga ortib, o‘sha atrofdagi paxta maydoni yoqasiga tashlab ketgan. Oqibatda, tez tibbiy yordam ko‘rsatilmagani sababli jabrlanuvchi halok bo‘lgan.
Qayd etilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lsa) va 117-moddasi 2-qismi (xavf ostida qoldirish odam o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


