Latviya tashqi ishlar vaziri Edgars Rinkevich mamlakat fuqarolarini Rossiya hududini zudlik bilan tark etishga chaqirdi. Shuningdek, u latviyaliklarga Rossiyaga bormaslikni tavsiya qilgan.
“Xalqaro vaziyatning keskinlashuvini hisobga olib, shoshilinch chaqiruv: biz Latviya fuqarolarini Rossiyaga bormaslikka, hozirda Rossiyada bo‘lganlarni esa imkon qadar tezroq mamlakatni tark etishga chaqiramiz”, — deb yozdi TIV rahbari Twitter sahifasida.
Avvalroq Amerikaning Moskvadagi elchixonasi ham xuddi shunday murojaat qilib, AQSH fuqarolaridan Rossiyani tark etishni so‘radi. Elchixona e’lon qilingan safarbarlik munosabati bilan ikki fuqarolikka ega bo‘lgan shaxslar armiyaga chaqirilishi mumkinligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, 21-sentyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin qisman safarbarlik e’lon qildi. Fuqarolarga murojaatida u mamlakat hududiy yaxlitligiga tahdid tug‘ilgan taqdirda barcha himoya vositalaridan foydalanishga va’da berdi.


