Liviya poytaxti Tripolida qurolli guruhlar o‘rtasida keskin to‘qnashuvlar boshlandi. Bu voqealar Prezidentlik kengashi xavfsizlik xizmati rahbari Abdulg‘ani al-Kiklining o‘ldirilganidan keyin yuz berdi. Libya Observer nashrining yozishicha, poytaxtga Az-Zaviya, Zintan va Misrata hududlaridan qurolli shaxslar yetib kelgan.
Tripoli ko‘chalarida og‘ir harbiy texnika, jumladan tanklar ko‘rilmoqda. Mitiqa xalqaro aeroporti yopilgan, barcha reyslar Misurata shahriga yo‘naltirilgan. Ayni vaqtda, aeroportda samolyotlar zudlik bilan evakuatsiya qilinmoqda.
Liviya Ichki ishlar vazirligi aholini uyda qolishga chaqirdi. Favqulodda vaziyatlar xizmati yuqori tayyorgarlik holatiga o‘tkazilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuvlar oqibatida olti kishi jarohatlangan. BMT Liviyadagi vaziyatdan xavotir bildirdi va tomonlarni darhol otishmalarni to‘xtatishga chaqirdi.


