Istanbul shahrida TURKSOY Xalqaro teatr mukofotlarini topshirish marosimi tantanali ravishda o‘tkazildi. O‘n birinchi bor tashkil etilgan ushbu nufuzli xalqaro tadbirda tashkilotga a’zo davlatlarning teatr sohasida faoliyat yuritayotgan yetakchi ijodkorlari 2025 yil yakunlari bo‘yicha turli nominatsiyalar bilan taqdirlandi.
Quvonarlisi, O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktrisasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Lola Eltoeva “Eng yaxshi teatr aktrisasi” nominatsiyasida xalqaro mukofotni qo‘lga kiritdi.
Mazkur marosim har yili Xalqaro Anadolu teatr mukofotlari doirasida o‘tkazilib, turkiy davlatlar teatr jamoalari o‘rtasidagi ijodiy hamkorlikni mustahkamlash, umumiy madaniy merosni targ‘ib qilish hamda sahna san’ati rivojiga hissa qo‘shishni maqsad qiladi.
Shuningdek, boshqa mamlakatlar vakillari ham turli yo‘nalishlarda e’tirof etildi. Jumladan, Qozog‘istondan Erenbak Toykenov “Eng yaxshi teatr rejissyori”, Qirg‘izistondan Sadir Niyazaqunov “Eng yaxshi sahna rassomi”, Ozarbayjondan Ali Emirli “Eng yaxshi dramaturg” hamda Turkmanistondan Batir Chariyev “Eng yaxshi teatr aktyori” nominatsiyalarida mukofotlandi.


