1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Eng dolzarb

“Lo‘lilar qiroli” Chisorani jangga chorlamoqda

Fyuri nima sababdan aynan uni tanladi?

“Lo‘lilar qiroli” Chisorani jangga chorlamoqda

 

3-dekabr kuni afsonaviy Tayson Fyuri trilogiyani yakunlash uchun yana ringga qaytadi. “Lo‘lilar qiroli”ning bu galgi raqibi Derek Chisora bo‘ladi. U ilgari Taysonga ikki marta mag‘lub bo‘lgan. Biroq, Chisora 27-sentabr kuni o‘z faoliyatini yakunlaganini eʼlon qilgandi.

 

Raqib izlash qanday kechdi?

 

Fyuri aprel oyida “Uembli”da Dillian Ueytni mag‘lub etganidan so‘ng nafaqaga chiqqanini maʼlum qilgan edi. Keyin esa Aleksandr Usik va Entoni Joshua o‘rtasidagi ikkinchi uchrashuvdan keyin yana ringga qaytishini aytdi. U Usikka qarshi bahs olib bormoqchi edi, ammo Usikka taklif qilingan sanalar ukrainalikga to‘g‘ri kelmadi. Fyuri esa mutlaq chempionlik uchun kurashni uzoq kutishni istamadi. Shuning uchun u bir sportchidan ikkinchisiga “sakrab” o‘tdi. Shunday qilib, birinchi marta Derek Chisoraning nomi munosib raqib sifatida paydo bo‘ldi.

 

“Men boksga qaytishga qaror qildim. Chunki men birinchi og‘ir vazn chempioni bo‘lishni xohlayman. Derek Chisora bilan jang qilishimni avval ham aytganman”, — dedi Fyuri.

 

U shuningdek, Chisorani eʼtibordan chetda qoldirmaslik uchun qo‘ng‘iroq qilishni ham unutmadi.

 

“Ushbu xabar Derek Chisoraga qaratilgan. Siz trilogiyadan qochyapsiz. Bu sizga karerangizdagi eng katta daromadni qo‘lga kiritish imkonini beradi. Siz shartnomani imzolashingiz lozim”, — degan “lo‘lilar qiroli”.

 

“Tayson, do‘stim, bemaʼni gaplarni bas qiling. Agar jang qilishni xohlasangiz ota-onam bilan gaplashing. Ularga men bilan jang o‘tkazishni xohlayotganingizni ayting. Shundan so‘ng shartnomani yuboring”, — deya Chisora o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Taysonga shunday javob qaytargan.

 

Bunday javobdan so‘ng “lo‘lilar qiroli” Usik yoki Joshua variantini tanlashga kirishdi. Biroq, ikkala jangchi ham Fyurining chaqirig‘ini eʼtiborsiz qoldirganligi sababli, Tayson yana Chisora bilan kuch sinashishiga to‘g‘ri kelishini anglab yetdi.

 

Fyuri va Chisora o‘rtasidagi qarama-qarshilik tarixi

 

Ular ikki marta ringda uchrashishgan. Birinchi jang 2011-yilning yozida bo‘lib o‘tgan. O‘sha paytda ikkala britaniyalik bokschi umuman mag‘lub bo‘lmagan va kelajagi porloq sportchilar ekani bot-bot OAVda bong urilgan. O‘sha jangda Fyuri 118-111, 117-112, 117-112 hisobida bir ovozdan g‘alaba qozondi. Shundan so‘ng Taysonning karerasi doimiy ravishda o‘sib bordi va u tez orada og‘ir vazn toifasi qiroli bo‘ldi. Chisoraning faoliyati esa asta-sekinlik bilan pastga tushdi. 

 

Biroq, ular 2014 yil noyabr oyida yana ringga ko‘tarilishdi. Ular bir-birlariga keskin zarbalar berib, uchrashuvni qiziqarli o‘tishiga sabab bo‘lishdi. Biroq, Derek yana muvaffaqiyatsizlikka uchradi. U mazkur jangdan so‘ng butun faoliyati davomida o‘n ikkinchi mag‘lubiyatini totib ko‘rdi.

 

Ammo Fyuri to‘qnashuvda qanday ustunlik qilganini tushunishingiz uchun bir nechta statistik hisob-kitoblar mavjud. Ular umumiy 22 raund jang qilishdi. Zarbalarda Fyuri faqat bittasida Chisoraga yutqazdi. Aniq zarbalar natijasi esa hayratlanarli — 436-168.

 

Fyuri — Chisora to‘qnashuvi uchun taxmin

 

O‘tgan uchrashuvlarga asoslanilsa, bu jangda “lo‘lilar qiroli” aniq favorit. Qolaversa, bu ustunlik  shunchalik yaqqol ko‘rinib turibdiki, bukmekerlar uning g‘alabasi uchun juda katta ishonch bildirishmoqda. Chisoraning yo‘qotadigan hech narsasi yo‘q. Chunki u ham faoliyatining so‘nggi bosqichida. Ammo bokschilar o‘rtasidagi farq shunchalik kattaki, Fyuri Derekni Dillian Ueytdan osonroq mag‘lub etadi. Eslatib o‘tamiz, Ueyt bilan bo‘lgan jang oltinchi raundda yakuniga yetgan.

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика