Parijdagi mashhur Luvr muzeyidan o‘g‘irlangan taqinchoqlar qiymati 88 million yevro deb baholandi. Bu haqida Parij prokuraturasi ma’lum qildi.
19-oktabr kuni ertalab noma’lum shaxslar Luvr binosiga oynani sindirib kirishgandi. Atigi besh daqiqada ular sakkizta nodir zargarlik buyumlarini o‘g‘irlab chiqib ketgan. Taqinchoqlar orasida XIX asrga oid qirollik davrining noyob bezaklari, brillant va smaragd tojlari, shuningdek, imperator ayol Yevgeniyega tegishli buyumlar bor edi.
Hozircha jinoyatchilar qo‘lga olinmagan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ular oldindan puxta reja asosida harakat qilgan, xavfsizlik tizimini atigi bir necha daqiqada chetlab o‘tgan. Shuningdek, jinoyatni amalga oshirishda tashqi yordamchi texnik vositalardan — lift va transport vositalaridan foydalanilgan bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
Muzey ma’muriyati bu voqeani “milliy merosga qarshi jinoyat” deb atadi. Fransiya madaniyat vazirligi esa mamlakatdagi barcha yirik muzeylarda xavfsizlikni kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berdi.
Mutaxassislarning aytishicha, bunday o‘g‘irlangan buyumlarni qora bozor orqali sotish deyarli imkonsiz — ular odatda parchalab, qimmatbaho toshlar ajratib olinadi, bu esa tarixiy asarning asl qiyofasini butunlay yo‘qotadi.
Tergov hozircha davom etmoqda. Fransuz ommaviy axborot vositalari bu hodisani “so‘nggi yillarda Yevropadagi eng yirik san’at va zargarlik o‘g‘irligi” deb atamoqda.


