
— Las-Vegasdagi birinchi jangingiz faoliyatingizda qanday ahamiyatga ega?
— Hammaga salom. Bu unchalik katta voqea emas. Men bu yerga g‘alaba qozonish uchun keldim. Abu-Dabimi, Las-Vegasmi farqi yo‘q, mening vazifam g‘alaba qozonish.
—Las-Vegasga kelganingizdan so‘ng Floyd Meyvezer bilan uchrashdingizmi? Uning Vegasdagi uyiga bordingizmi?
— Yo‘q, balki jangdan keyin uchrasharmiz. Men hozir faqat bo‘lg‘usi jangga etibor qaratayapman. Floyd esa hozir Mayamida.
—UFCda hozirgacha 3-0 hisobini qayd etgansiz. Bunga qanday munosabatdasiz?
— Men hozir o‘zimning keyingi g‘alabam va bonusim tomon ketyapman (kulib qo‘yadi). Albatta, bu hazil. Men birinchi navbatda g‘alaba qozonishni maqsad qilganman. Sababi, men ilk marta to‘liq kempni o‘tadim. Bundan oldingi uchta jangimda juda qisqa muddat tayyorgarlik olib borganman. Bir hafta, sakkiz kun va 20 kun. Hozir esa men to‘liq mashg‘ulotlar lagerini o‘tadim. Raqibim yaxshi jangchi: kuchli jui-jitsu ustasi. Jang “stoyka”da kechadi, deb o‘ylayman.
— Jerald bilan raqib tushganingizda qanday xayollarga bordingiz? Uni oldindan bilarmidingiz yoki bu kim ekan, deb o‘yladingizmi?
— Yo‘q, men uni oldindan bilaman. Chunki u Xamzat Chimayev bilan ham jang qilgan. Jeraldni bundan uch yil oldin, UFCga o‘tmasimdan avval ko‘rganman. O‘shanda u bir yigit bilan jang qilgandi. Uning jangini ko‘rib menejerimga shu yigit bilan jang qilishim kerak degandim. Qarang, mana uch yildan keyin biz UFCda raqib bo‘ldik.
— Nega menejeringizga aynan Myorshart bilan jang qilmoqchiman dedingiz?
— Chunki uning uslubi menga juda mos edi. Uni albatta yutaman, deb o‘yladim. Myorshart kuchli “udarnik” emas. Zarbalar borasida men undan ustunroqman. Oyoq harakatlarim ham ancha yaxshi. Griplingim ham yomon emas. Yana ko‘ramiz.
— Myorshart sizga qarshi agressiv harakat qilishi va oxirigacha kurashishini taʼkidladi. Siz uni shunday jang qilishiga ishonasizmi?
— Marhamat, men har qanday jangga tayyorman. Jang qilish mening hayotim. Unga juda qattiq tayyorgarlik ko‘rganman.
— Ko‘pchilik sizni kelajagi porloq jangchi, titul uchun bo‘lajak nomzod sifatida ko‘rmoqda. Siz bunga qanday qaraysiz?
— Bu hamma sportchining orzusi. Qolaversa, men vatanim O‘zbekiston sharafini himoya qilaman. Bizda MMA juda tez rivojlanyapti. Mamlakatimda yangi promoushen tashkil qildim. Yosh yigitlar uchun bu juda yaxshi bo‘ldi.
— Siz O‘zbekistonda janglar tashkil qilyapsizmi?
— Ha, men O‘zbekistonda “kichik” Dana Uaytman. Sizlar O‘zbekistonga albatta boringlar. Eshiklarimiz hamma uchun ochiq.
— Oxirgi savolim. Bu jangda bizga nima vaʼda qilasiz?
— Men bu yerga faqat g‘alaba uchun kelganman. Jangni muddatidan oldin tugatish niyatidaman. O‘zimni yaxshi his qilyapman. Men sizlarga bu safar haqiqiy Mahmud Muradov kim ekaligini ko‘rsataman. Chunki bundan oldingi uch jangimga juda qisqa muddatga kelgan edim.
Jamshid Amirov tayyorladi.


