Ijtimoiy tarmoqlarda Sariosiyo tumani hokimining o‘rinbosari hamda Oila va xotin-qizlar bo‘limi rahbari mahalla faollarini paxta terimiga jalb qilishga undayotgani aks etgan video tarqaldi. Bu holat keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi.
Surxondaryo viloyati hokimligi ma’lum qilishicha, voqea viloyat hokimi tomonidan shaxsan nazoratga olingan. Hozirda masalaga oid barcha tafsilotlar tegishli idoralar tomonidan o‘rganilmoqda.
Hokimlikka ko‘ra, paxta yig‘im-terimi mavsumi oldidan hududlarda faqatgina ko‘ngilli terimchilar ro‘yxatga olingan, faol ayollar esa faqat otryad rahbari sifatida belgilangani qayd etilgan.
“Surxondaryo viloyati hokimligi majburiy mehnatning har qanday shaklini qat’iyan qoralaydi. Hech bir rahbar yoki mutasaddiga xodimlarni majburiy ravishda paxta terimiga jalb etish bo‘yicha topshiriq berilmagan. Agar tekshiruvlar davomida bunday holat tasdiqlansa, qonun doirasida qat’iy choralar ko‘riladi”, — deyiladi rasmiy bayonotda.


