1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Maktab direktorlari “tanish-bilish” orqali xodimlarni moddiy rag‘batlantirgan—vazirlik

Direktor jamg‘armasiga beriladigan mablag‘lar kamaytirilgani bo‘yicha xabarga rasmiy munosabat bildirildi.

Maktab direktorlari “tanish-bilish” orqali xodimlarni moddiy rag‘batlantirgan—vazirlik

 

 

Ijtimoiy tarmoqda o‘qituvchilarni mukofotlash va rag‘batlantirish, Direktor jamg‘armasidan beriladigan ustamalar va boshqa moddiy imkoniyatlar borasida ilgari surilayotgan turli talqinlar yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi. 

 

Ma’lum qilinishicha, 2022 yil 2 avgust kuni Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 823-sonli Qarorlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan.

 

Mazkur o‘zgartirishlar joylardagi korrupsion holatlarni, shuningdek, moliyaviy xato va kamchiliklarni oldini olishga qaratilgan bo‘lib, mablag‘larning maktab rahbarlari hamda joylardagi mas’ullarning suiste’mol qilinishini oldini olish ko‘zda tutilgan.

 

“O‘zgarishlar bevosita o‘qituvchilarni rag‘batlantirish uchun yo‘naltiriladigan direktor jamg‘armasi mablag‘lari miqdorini pasayishiga olib kelmaydi. Aksincha, mablag‘lar aniq mezonlar asosida belgilanadigan ustamalarga ajratiladigan mablag‘larni ko‘payishiga va mukofotlashni “barcha uchun tenglik” tamoyili asosida amalga oshirilishiga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.

 

Qonunchilikka ko‘ra, joriy yilda Direktor jamg‘armasi jami maktab ish haqi fondining 12 foizi bo‘yicha shakllantiriladi. Mazkur jamg‘arma hisobidan 2022 yilning avgust oyiga qadar maktabning eng ilg‘or o‘qituvchilariga 40 foizgacha ustama, shuningdek, mablag‘lar doirasida xodimlarga moddiy yordam va mukofot berish imkoniyati berilgan edi.

 

2021 yilda bir maktabda o‘rtacha direktor jamg‘armasining 55 foizi pedagog xodimlarga har oylik ustamalar uchun hamda qolgan 45 foizi mukofot va moddiy yordam ko‘rsatishga yo‘naltirilgan. Biroq joylarda o‘qituvchilarga 40 foizgacha ustama berish o‘rniga foizni kamaytirish va qolgan summani moddiy yordam hamda mukofotga yo‘naltirish amaliyoti yildan-yilga oshib borgan.

 

2021 yilda maktabning ish haqi fondiga 787,5 million so‘m va direktor jamg‘armasiga 175,5 million so‘m ajratilgan. Ushbu Jamg‘arma mablag‘larining faqatgina 20 foizi pedagog xodimlarga har oylik ustamalar uchun qolgan 80 foizi mukofot va moddiy yordam ko‘rsatish uchun yo‘naltirilgan.

 

Ko‘p hollarda Jamg‘arma hisobidan maktab direktorlari “tanish-bilish” orqali xodimlarga moddiy rag‘batlantirish, surunkali ravishda aynan bir guruh xodimlarga takror-takror amalga oshirgan. Mukofot pullari direktorga yaqin bo‘lgan xodimlarga, qarindosh va tanishlarga rasmiylashtirilgan.

 

Shuningdek, avvalgi tahrirda jamg‘arma hisobidan moddiy yordam miqdori chegaralanmaganligi sababli istalgan hajmda moddiy yordam ko‘rsatish orqali o‘g‘irlik holatlari aniqlangan. Mazkur holatlar bo‘yicha materiallar huquqiy baho berish uchun huquq-tartibot organlariga taqdim etilgan.

 

Shundan kelib chiqib, yangi tahrirda direktor jamg‘armasidan moddiy yordam ko‘rsatish miqdorlari va holatlari aniq belgilab qo‘yilgan. Natijada mukofot va moddiy yordam pullarini sababsiz berish imkoniyatlari cheklangan, maktab doirasida o‘qituvchilarni rag‘batlantirish uchun ajratiladigan jami summa esa saqlab qolingan.

 

Shuningdek, Vazir jamg‘armasi orqali yagona tamoyil asosida respublika bo‘yicha malakali pedagog xodimlarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 baravari (hozirda 5,1 mln so‘m) miqdorida har oylik ustamalar belgilash, shuningdek, xuddi shunday miqdorda ilg‘or xodimlarga bir martalik pul mukofotini to‘lash amaliyoti joriy etilgan.

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика