XTV 2022-2023 o‘quv yilining ikkinchi choragidan boshlab “Online maktab” dasturi bo‘yicha masofaviy taʼlim jarayonlarini tajriba-sinov tariqasida o‘tkazmoqda [https://uzedu.uz/y3/news/813]. Unda kimlar ishtirok etadi? Masofaviy taʼlim jarayonida Toshkent shahar maktablarida tahsil olayotgan 60 nafar 7-sinf o‘quvchilari saralab olinadi. Tanlov jarayonlari qanday tashkil etiladi? O‘quvchilarni saralash jarayoni 2022 yil 5 noyabr kuni o‘tkaziladi. Unda o‘quvchilarning dastlabki bilim darajasini aniqlash bo‘yicha boshlang‘ich sinov (kirish testi) o‘tkaziladi. Sinov natijalariga ko‘ra, masofaviy taʼlim olishga mo‘ljallangan har biri 30 nafar, jami 60 nafar o‘quvchidan iborat, taʼlim o‘zbek va rus tillarida olib boriladigan 2 ta sinf tashkil etiladi. Masofaviy taʼlim qay tartibda olib boriladi? “Online maktab” maxsus platformasida umumtaʼlim maktablarining 7-sinflari uchun davlat dasturi doirasidagi barcha fanlar bo‘yicha onlayn dars materiallari jamlangan. Platformadagi har bir videodars davomiyligi 9 daqiqagacha davom etadi. O‘quv dasturlarini ekranda o‘rganayotgan o‘quvchilarga har 20 daqiqadan so‘ng tanaffus beriladi. O‘quvchilarni baholash O‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirib borish ko‘rsatkichlari test, ijodiy va boshqa turdagi topshiriqlardan olgan 1 dan 5 gacha bo‘lgan ball tizimida olib boriladi. O‘quvchilarning baholash yakunlari sinf jurnallarida qayd etib boriladi.