1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Maktablarda qog‘oz kundalik va sinf jurnallari qayta joriy etilishi haqidagi xabarlar rad etildi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi eMaktab elektron tizimi amalda qolishini ma’lum qildi.

Maktablarda qog‘oz kundalik va sinf jurnallari qayta joriy etilishi haqidagi xabarlar rad etildi

 

Ijtimoiy tarmoqlarda maktab ta’limida an’anaviy, ya’ni qog‘oz shaklidagi kundalik va sinf jurnallari qayta joriy etilayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Ushbu ma’lumotlarga nisbatan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasmiy izoh berdi.

 

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, mazkur xabarlar asossiz bo‘lib, ularni tasdiqlovchi hech qanday huquqiy hujjat mavjud emas. Ta’kidlanishicha, davlat rahbarining 2018-yil 5-sentabrdagi 3931-sonli qarori hamda 2019-yil 29-apreldagi 5712-sonli farmoniga muvofiq, umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning davomati va fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari eMaktab elektron jurnal tizimi orqali yuritib kelinmoqda.

 

Mazkur tizimni joriy etishdan asosiy maqsad o‘qituvchilarning ish yuklamasini kamaytirish, o‘quv jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishdan iborat ekani qayd etildi. Bu yondashuv xalqaro tajribada ham o‘zini oqlagan.

 

Shuningdek, elektron tizim orqali ota-onalarga farzandlarining o‘qish jarayonini masofadan kuzatish imkoniyati yaratilgani, baholashda shaffoflik ta’minlangani va pedagoglar faoliyatidagi ortiqcha qog‘ozbozlik sezilarli darajada qisqargani bildirildi.

 

Vazirlik maktablarga qog‘oz kundalik va sinf jurnallariga qaytish bo‘yicha hech qanday topshiriq berilmaganini ma’lum qilib, mamlakatda boshlangan raqamlashtirish jarayonlari ortga qaytmasligini alohida ta’kidladi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика