Ayni kunlarda Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida “Rossiya - Islom olami” strategik qarashlar guruhi tashabbusi bilan “Shakllanayotgan ko‘pqutblilik davrida Rossiya va Islom olami munosabatlari” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tmoqda.
“Rossiya - Islom olami” strategik qarashlar guruhi global miqyosda dinlararo muloqot, anʼanaviy maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni himoyalashga yo‘naltirilgan o‘ziga xos maydon hisoblanadi.
Hozirga qadar mazkur guruh tashabbusi bilan turli davlatlardagi rasmiy diniy tashkilotlar rahbarlari va vakillari, dinshunos olimlar, ekspertlar ishtirokida turli forumlar, konferensiyalar, davra suhbatlari, matbuot anjumanlari o‘tkazib kelinadi. Ushbu tadbirlarda dinlararo munosabatlar, bugungi global muammolar tahlilida diniy qarashlarning ahamiyati, Rossiya va musulmon mamlakatlari o‘rtasida hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash bo‘yicha maʼruzalar tinglanadi, takliflar bildiriladi. Konferensiyada Tatariston Respublikasi raisi Rustam Minnixanov, Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim ishtirok etmoqda.
Guruh mutasaddilari shu paytga qadar Moskva, Qozon, Istanbul, Jidda, Quvayt singari mamlakatlarda turli darajadagi xalqaro uchrashuv va muloqotlar o‘tkazgan. Kuala-Lumpurda o‘tayotgan navbatdagi sayyor anjumanda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktor o‘rinbosari Firdavs Halimov ham ishtirok etdi. Anjumanda Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga doir videorolik namoyish qilindi.
Firdavs Halimov O‘zbekiston vakili sifatida so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan diniy bag‘rikenglik siyosati tamoyillari, shu bilan birga Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi ham aynan muqaddas dinimizning maʼrifatparvarlik va insoniylik g‘oyalariga yo‘g‘rilgani haqida gapirdi. Bundan tashqari O‘zbekiston hududidan yetishib chiqqan allomalarning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissalarini o‘rganish va targ‘ib etish lozimligini taʼkidladi.


