Marg‘ilonga Hunarmandlar shahri maqomi berilishi kutilmoqda. Bu haqida Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Marg‘ilonda 20-22 oktyabr kunlari “Atlas bayrami” beshinchi milliy matolar festivali bo‘lib o‘tadi. Ushbu festivalda Marg‘ilonga Butunjahon hunarmandlar kengashi qarori bilan Hunarmandlar shahri maqomi berilishi kutilmoqda.
“Bugun Butunjahon hunarmandlar kengashi prezidenti Saad al-Qaddumiy, Kengashning Osiyo-Tinch Okeani mintaqasi bosh kotibi, vitse-prezident Aziz Murtazayev hamda professor Asif Shayxdan iborat Xalqaro baholash komissiyasi Farg‘onaga keladi”, deydi Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Dilmurod Djumabayev.
Tashrifdan ko‘zlangan maqsad Marg‘ilon shahriga Butunjahon hunarmandlar kengashi tomonidan beriladigan Hunarmandlar shahri maqomini olish bo‘yicha topshirilgan ariza yuzasidan o‘rganish olib borishdan iborat.
O‘rganish davomida milliy matolar to‘qimachiligi va tayyorlash jarayonlari hamda milliy matolar savdo rastalari bilan tanishiladi. Shuningdek, gilamdo‘zlik va kashtachilik ustaxonalari ham ko‘zdan kechiriladi.
Maʼlumot uchun: Farg‘ona viloyatida o‘tkaziladigan “Atlas bayrami” beshinchi milliy matolar festivali Marg‘ilon ipakchiligining dovrug‘ini dunyoga tanitish, hunar va sanʼatga mehri baland insonlarning o‘zaro fikr va tajriba almashishi uchun tashkil etilmoqda.


