Marhum Silvio Berluskoni Italiyaning eng boy odamlaridan biri edi. Uning merosi deyarli besh milliard yevroga baholanmoqda. Sobiq bosh vazirning boyligi besh nafar farzandi va 16 nevarasiga beriladi.
Eng katta moliyaviy ulush "Mediaset" telekompaniyasi, "Mondadori" nashriyoti va bankni o‘z ichiga olgan "Fininvest" xoldingga to‘g‘ri keladi. Kompaniya 4,89 milliard yevroga baholangan.
Xolding Italiya sobiq bosh vazirining barcha kompaniyalari, shu jumladan, futbol klublari uchun “soyabon” bo‘lib xizmat qilgan, bu esa yo‘qotishlarni qoplash va hech qachon kasod bo‘lmaslik imkonini bergan. Berluskoni A Seriyaning “Monza” klubiga egalik qilardi. Ilgari milliarder «Milan»ga egalik qilgan va u oxir-oqibat foydasiz bo‘lib qolgan.
Bundan tashqari, siyosatchiga bir nechta villalar, saroylar va uylar tegishli. Ulardan eng mashhuri Milan yaqinidagi Villa San Martino.
Sobiq bosh vazirning yana bir qarorgohi Sardiniya orolida joylashgan.
Rimda va chet elda ham ko‘chmas mulklari bor.
Bundan tashqari, Berluskoni o‘zi asos solgan “Olg‘a, Italiya!” partiyasini boshqargan. Baʼzi Italiya ommaviy axborot vositalari siyosatchi vafotidan keyin partiya o‘z faoliyatini bosqichma-bosqich to‘xtatadi, deb hisoblaydi, Eslatib o‘tamiz, Italiyaning sobiq bosh vaziri Silvio Berluskoni 12 iyun kuni kasalxonada 86 yoshida vafot etgandi.


