13-fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston energetika hamda suv xo‘jaligi vazirlarining navbatdagi ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov, suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev, Qirg‘iziston energetika vaziri Taalaybek Ibrayev, Qozog‘iston energetika vaziri Yerlan Akkenjenov hamda Tojikiston energetika va suv resurslari vaziri Daler Juma ishtirok etdi. Shuningdek, energetika kompaniyalari rahbarlari va soha mutaxassislari ham muzokaralarda qatnashdi.
Tomonlar so‘nggi yillarda mintaqa davlatlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan ko‘p tomonlama hamkorlik, ayniqsa yoqilg‘i-energetika sohasida izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi.
Muzokaralar davomida 2026-yil kuz-qish mavsumini barqaror o‘tkazish, vegetatsiya davrida suv-energetika tizimlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash hamda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida tomonlar tarmoqlarning ish rejimlari bo‘yicha tegishli grafiklarni kelishib oldi.


