Ijtimoiy tarmoqlarda mashhur blogerlarning qiyofasi qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni targ‘ib qilishda noqonuniy ravishda qo‘llangani aniqlangan. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi rasmiy ma’lumot berdi.
Qo‘mita xabariga ko‘ra, sunʼiy intellekt yordamida blogerlarning fotosuratlari va videolarini qalbakilashtirish holatlari keskin ko‘paygan. Bunday dipfeyklar taniqli davlat arboblari, hukumat vakillari yoki mashhur shaxslarning ovozi va ko‘rinishiga o‘xshatib, yolg‘on reklama yaratish uchun foydalanilmoqda.
Shu kabi holatlardan birida SI yordamida Elmurod Haqnazarovning ovozi soxtalashtirilib, unda go‘yoki qimor oʻyiniga pul o‘tkazib yuqori daromad olish mumkinligi aytilgan reklamalar tarqatilgani ma’lum bo‘lgan. O‘rganish jarayonida bloger D. Nazarov hamda A. Abdurahmonov aslida bunday reklamalarda qatnashmagani aniqlangan.
Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni mashhur shaxslar qiyofasi yoki ovozidan foydalanilgan shubhali reklamalarga ishonmaslikka chaqirdi. Shuningdek, qonunda taqiqlangan mahsulotlar reklamalariga aldanmaslik bo‘yicha keng jamoatchilikka ogohlantirish berildi.


