Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining ma'lumotiga ko'ra Yevropaning 28 ta mamlakatida 2000 dan ortiq bemor epidemiyani yuqtirib olgan.
Hozirgi kungacha qit’aning barcha hududida o‘sish tendensiyasi kuzatilyapti. Ayniqsa, London, Madrid va Lissabon shaharlarida epidemiologik vaziyat ancha yomonlashgan. Kasallik Berlin va Parij shaharlari hamda Belgiya, Niderlandiya va Italiya mamlakatlarida ham avj olgan. Ispaniya so‘nggi kunlarda 700ga yaqin ko‘rsatkich bilan Buyuk Britaniyani ortda qoldirib, eng ko‘p maymun chechagi qayd etilgan mamlakatga aylandi. Hozir kasallikdan asosan Madrid shahri aholisi aziyat chekyapti. Bu yerda 510 kishiga mazkur xastalik tashxisi qo‘yilgan.
Lotin Amerikasida esa 18 ta holat tasdiqlangan: Braziliyada sakkizta, Meksikada beshta, Argentinada uchta, Venesuela va Chilida bittadan. so‘nggi kunlarda Janubiy Koreyada ikki nafar, Singapurda bir nafar bemor maymun chechagini yuqtirganlikda gumonlanyapti.
Buyuk Britaniyada faoliyat olib boruvchi molekulyar virusologiya bo‘yicha professor Karlos Maluker de Motesning so‘zlariga ko‘ra, bu epidemiyaga chek qo‘yish juda qiyin kechadi. Chunki virus allaqachon ko‘plab mamlakatlarga tarqalib ulgurdi.
Biroq bunday sharoitda xastalikni aniqlash, kuzatish va nazorat qilish tizimlari talab darajasida emas. Boz ustiga, infeksiyani yuqtirganlar tibbiyot muassasalariga kech murojaat qilmoqda.


