Qonunchilikda homilador yoki 14 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilishga va xizmat safariga yuborishga yo‘l qo‘yilmaydi. Buning uchun ularning roziligi olinishi lozim. Mazkur tartib 16 yoshga to‘lmagan imkoniyati cheklangan(nogiron) bolasi bor ayollar uchun ham amal qiladi.
Mehnat sharoiti noqulay ishlarda, shuningdek yer osti ishlarida ayollar mehnatini qo‘llanish taqiqlanadi. Yer ostidagi baʼzi ishlar, masalan, jismoniy bo‘lmagan ishlar yoki sanitariya va maishiy xizmat ko‘rsatish ishlari bundan mustasnodir.
Mehnat Kodeksi. 225-modda.
Ish jarayonida ayollarning ular uchun mumkin bo‘lgan normadan ortiq yukni ko‘tarishlari va tashishlari man etiladi.
Shuningdek, homilador ayollarni va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni tungi ishlarga jalb qilishga maxsus tibbiy hujjat bo‘lgandagina yo‘l qo‘yiladi. Yaʼni, mazkur turdagi ishlar ona va bolaning sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirmasligini tasdiqlovchi tibbiy xulosa bo‘lishi lozim.
Bundan tashqi, Mehnat Kodeksining 78-moddasida ish beruvchi tomon murojaatchi ayollarni homiladorligi yoki bolasi borligini vaj qilgan holda ishga olmasligi g‘ayriqonuniy ravishda rad etish deb baholanadi. Yaʼni, qonunga muvofiq mehnat shartnomasi tuzishi shart bo‘lgan bu turdagi ayollarning ishga kirish bo‘yicha murojaati asosli tarzda rad etilishi lozim. Homiladorligi yoki yosh bolaligi ishga qabul qilinmasligiga bahona bo‘lolmaydi.
Shu bilan birga, uch yoshga to‘lmagan bolalari bor, byudjet hisobidan moliyaviy jihatdan taʼminlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan ayollar ish vaqtini qisqartirish talabini tashkilot rahbariga bildirishi mumkin. Bu jarayonda ish vaqti haftasiga 32 soatdan kam bo‘lmasligi lozim.
Eslatma. Ish vaqti qisqartirilgan bo‘lsa ham yosh bolali va davlat byudjeti orqali moliyalashtiriladigan muassasa va tashkilotlarda ishlovchi ayollar boshqa xodimlar kabi bir xil oylik olish huquqiga ega.
Avvalroq agar ayol homilador bo‘lsa, erning ajrashish haqidagi talabi qondirilmasligi hamda endilikda Angliya va Uelsda emizikli onalarni ularning roziligisiz suratga olish jinoyat hisoblanishi haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev


