1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

“Mehr” operatsiyasi bizga mehr beroldi”

Uch marotaba jangarilarga turmushga chiqib, baxt neligin bilmagan, 6 yil urush o‘chog‘ida yashagan ayol qismati.

“Mehr” operatsiyasi bizga mehr beroldi”

 

Р.S.: Eʼtiboringizga havola etilayotgan turkum maqolalar o‘z jonini xatarga qo‘yib, elu-yurt tinchligi yo‘lida jon tikib, xizmat qilayotgan, Shuningdek, “Mehr” insonparvarlik operatsiyasi doirasida jonbozlik ko‘rsatgan tinchlik posbonlariga bag‘ishlanadi. Zamon.uz sayti Sizlarni  yaqinlashayotgan 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni bilan chin dildan tabriklaydi!

 

U  oilada erkatoy qiz edi. Uning ortidan ota-onasining ham orzu-havaslari ulkan edi. Ammo... Umida jamiyatga nafi tegadigan, ota-onasi va oilasining bir quvonchiga o‘n quvonch qo‘sha oladigan yoshida yo‘ldan adashdi.

Umida Turdiyeva 1991 yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. 6 yil Yaqin Sharqdagi urush maydonlarida yashagan. “Mehr 5” operatsiyasi doirasida O‘zbekistonga olib kelindi.

 

Sarobga aylangan orzular

 

— 6 yoshimgacha Surxondaryoda katta bo‘ldim. Keyin Tojikistonning Panjakent degan joyida ulg‘aydim. 4-5 sinfda Toshkentda yashadik. Undan keyin Moskvaga chiqib ketdik. 9-sinfgacha o‘sha yerdagi maktabda, so‘ng kollejda tahsil oldim. Kollejda o‘qib yurgan paytlari o‘rtog‘im internet orqali bir yigit bilan tanishtirib qo‘ydi. U bola tanishganimizdan so‘ng din, namoz, hijob kiyish haqida ko‘p gapirardi. Yonimga kel, deb u meni chaqirib oldi. Sevgi-muhabbat kuchli bo‘lgan. Men unga juda ishonardim.  

Turkiyaga kelayotganingni hech kim bilmasin, hatto, ota-onang ham deb aytgan.

 

Aslida, Umidaning uyidan qochib ketishi nobakorlikdan boshqa narsa emas. Nobakor farzandi tufayli odamlar oldida yuzi qora bo‘lgan ota-onasi va yaqinlaring ahvolini tasavvur qilyapsizmi?

 

— Uni haqiqiy ismini ham bilmasdim. Suriyadagi ismi Hattab edi. Shu ismini bilardim, xolos.  

 

Yaqinlaridan ham afzal bilib, yaqin kelajagi, hayotini ishonib topshirgan yigitning asl ismidan ham bexabar Umida keyinchalik aldanganini bildi. Afsus, unda hammasi kech bo‘lgandi.

 

— U meni avval Tapqaga olib ketdi, u yerda ikki oy yashadik. Keyin Iroqqa ketamiz, dedi. U yoqda 4-5 oy yashagan bo‘lsak, qaytarib Raqqaga olib kelib qo‘ydi. Shundan so‘ng o‘zi chiqib ketgan.

 

Erim avval uylanganini bilmaganman. Kelganimda uyida bir ayol yurardi. Uni kimligini so‘raganimda, xotinim, deb aytgan. Sen ikkichi ayolimsan, degan... Kutganimdek, bo‘lib chiqmadi. Negaki, vaʼdalari boshqa edi. Turkiyada yashaymiz, keyinchalik o‘qishingni davom ettirasan degan. Aslida, u meni aldab chaqirtirgan bo‘lgan.

 

Hayotimda baxtli yashash, sevgi-muhabbat degan narsalarni ko‘rmaganman, his etmaganman

 

Uch oygacha uyimdagilar bilan bog‘lanishni imkoni bo‘lmagan. Uch oydan so‘ng uyga — dadamga telefon qilib, Suriyaga kelganim, turmushga chiqqanim va hijobga kirganimni aytganimda ishonmaganlar. Shunda: ona qizim, uyga qayt, seni juda sog‘indik deb, yig‘ladilar...

Aldanganimni bilganimdan so‘ng, ortga qaytishga urindim. Lekin turmush o‘rtog‘im: seni vataning shu yerda, ortga qaytish yo‘q, derdi. Ko‘nikolmaganman.

 

Uning vatani, ota-onasi oldidagi burchini unutib, qilgan qilmishini har qanaqasiga oqlab bo‘lmasdi. Bundaylar kim-kimlarga xotin bo‘lmadi.

 

— 3 marta erga tekkanman. Hayotimda baxtli yashash, sevgi-muhabbat degan narsalarni ko‘rmaganman, his etmaganman. Birinchisi va uchinchisi — tojikistonlik, ikkinchisi — albaniyalik bo‘lgan. Hattob qochib ketdi. Keyinroq u bilan aloqalashdik. Nega olib ketmaganini so‘rasam, puli yo‘qligini, men pul yuborsam olib ketishini aytdi. Onam qarindoshlardan qarz olib, u aytgan odamga 800 dollar yubordi. Ammo u meni yana aldadi, yo‘qolib qoldi.

 

Umida ham minglab ayollar qatori Suriya demokratik kuchlari taʼsirida taqdiri nima bo‘lishini kutib yashardi.

 

— U ketganidan so‘ng “Maqor” degan joy bor. U katta uy. U yerda eri yo‘q ayollar va bolalar turadi. Yashash juda qiyin. Chunki odam kasal bo‘lib qolsa, shifokor yo‘q. Yemish topib yeyish ham oson emas.

 

Hijrat daʼvatiga ishonib, vatangado bo‘ldi. Endi ularga faqat pushaymonlik, ko‘z yoshlar hamroh. Ular jang maydonidagi sargardon hayotda Vatandan tashqarida vatan bo‘lmasligini tushunib yetdi.

 

— U yerda faqat bomba, o‘q bilan emas, balki ochlikdan o‘lganlar ham bo‘lgan. Bug‘doydan un qilinardi, unga aylanmay qolgan bug‘doy siniqlaridan non qilib yerdik.

 

Uning aytishicha, uch marotaba jangarilarga turmushga chiqqan keyinchalik pushaymon bo‘ladi va ortga qaytishga harakat qiladi. Biroq endi kech bo‘lgandi. U har safar qochmoqchi bo‘lganda ISHID jangchilari uni tutib olavergan.

 

— U yerda bir oy qamalganman. Chiqish niyatim bo‘lgani uchun meni tutib olishgan. Hamma narsamni olib qo‘yib, so‘roqqa tutishgan. 5 etajli xonaning eshiklarini zanjirlab qo‘yishgan. Balkondan ham qochishning iloji yo‘q. Chunki bir marta balkondan ham qochganman.

 

Ikkinchi turmushim ham o‘xshamagan

 

Taqdirida yana qanday qora kunlari borligini kutib yashagan o‘zbek ayollar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ular shu azoblardan qochib ham ular qayta-qayta erga tekkanini aytadi.

 

— Ikkinchi erim albaniyalik Abuzaid mendan 10 yosh katta edi. U meni erim yo‘qligini bilib, o‘zi unga turmushga chiqishimni taklif qilgan. Unga ham ikkinchi xotin bo‘lganman. “Maqor”da yashab qiynalganim uchun rozi bo‘lganman. Ammo u ham men kutgan erkak bo‘lib chiqmadi. U bilan uch soat gaplashdik. Juda boshqacha odam edi. Mehrli, tushunadigan odamdek tuyulgan.  Lekin u bilan bir oy ham yashamaganmiz (uzog‘i 20 kun). O‘zi kelib javobimni berdi. U erga ayol kishini ajrashishi juda qiyin. Ammo erkaklar sababi bo‘lsa-bo‘lmasa ajrashib ketaveradi. Yana “Maqor”da bir o‘zim 6 oydan ko‘p yashadim. Urush kuchayib ketdi. Raqqada yashab, uchinchi erim — Hamzaga turmushga chiqdim. Ko‘cha-ko‘ch bilan yashardik. Sevgi nimaligini bilmadim. Hamza urardi. Bir yil yashadik. U yana boshqaga uylandi. Men uchun bu dunyoda  u joydan ko‘ra qo‘rqinchliroq narsa yo‘q. Har nafas o‘limdan qo‘rqib yashaydi, odam. Oldimdan uch marta o‘q o‘tib ketgan.

Kechalari yig‘lardi. Uyga ketgim kelardi. Vatanimni tinchligini sog‘inardim. Kishi istasa-istamasa u hayotga ko‘nikadi. Chunki u hayotdan qochib-qutulolmaysan.

U yerda jasadlar ko‘p. 6 yoshli bolachani o‘lib ketganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. U o‘zi nogiron — kasallik sabab yurolmay qolgandi. Ota-onasi o‘lib ketgan. Bir o‘zi yashardi. Birov ovqat bersa yerdi, bo‘lmasa yo‘q. Bomba tushib, yonib ketgan. Ertasi kuni jasadini ko‘rib qoldim. Jasadga tegishgandi kul bo‘lib ketdi...

...Biz Hamza bilan ajrashmaganmiz. U hozir Suriyadagi qamoqda. U jangga chiqqan, jihod qilgan.

 

Suriyada samolyot uchsa hamma yerga yotvoladi, odamlar qo‘rqadi. Chunki bomba tushadi

 

Suriyadagi dahshatli urush, u keltirib chiqargan millionlab qochoqlar muammosi sababini uzoq va yaqindan eslash mumkin, deydi urushning qora kunlarini esga olgan ayol.

 

— U yerdagi ayollar ichida men oson yashadim. Chunki sotuvchi bo‘lib ishlardim. O‘zim mustaqil pul topardim. Shu bois ham boshqalarga nisbatan osonroq yashadim. Ammo baribir juda dahshatli va qiyin. Go‘sht, piyoz-kartoshka yo‘q. O‘t qo‘shib yeysiz. U yerda har tong omon uyg‘onganning o‘zi baxt.

U yerda ota-onasi bor qizlarni ko‘rsam havasim kelardi. Oyimni oldiga kelishni juda xohlardim.

...Samolyotga chiqishda birinchi qo‘rqqanman. Sababi, Suriyada samolyot uchsa hamma yerga yotvoladi, odamlar qo‘rqadi. Chunki bomba tushadi. Vatanimga qaytayotganimdan quvondim. 6 yillik azoblar nihoya topganidan xursand bo‘ldim. “Mehr” operatsiyasi bizga mehr berib, mehr bilan olib keldi. O‘zbekistonga kelib birinchi ko‘zim daraxtlar va gullarga tushdi. Suriyada bunday narsalar yo‘q. Tinch va osuda vatanda yashash baribir baxt. Uni chin dildan his etib, qadriga yetish kerak!

 

DXX va “Sevimli” telekanali hamkorligida tayyorlangan "Bir kaft tuproq" loyihasidan yozib olindi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика