Meksikaning Puebla va Oaxaca shtatlarini bog‘laydigan asosiy avtomagistralda yuz bergan og‘ir yo‘l-transport hodisasi 21 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Mahalliy vaqt bilan tush payti sodir bo‘lgan halokatda yuk mashinasi, yo‘lovchi avtobusi va mikroavtobus ishtirok etgani bildirilgan.
Puebla ichki ishlar departamenti rahbari Samuel Aguilarning so‘zlariga ko‘ra, voqea joyida 18 kishi halok bo‘lgan, yana uch kishi kasalxonada olgan jarohatlari tufayli vafot etgan. Bir necha yo‘lovchi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonalarga yetkazilgan.
YTH oqibatida mamlakat milliy gvardiyasi magistral yo‘lni to‘liq yopishga majbur bo‘lgan. Rasmiylar halokat sabablari bo‘yicha tekshiruv boshlagan, ammo dastlabki xabarlarga ko‘ra, yuk mashinasi boshqa transport vositasini quvib o‘tmoqchi bo‘lgan va qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketib, yo‘lovchi avtobus hamda furgon bilan to‘qnashgan.


