1-dekabr kuni Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasida tashkil etilgan situatsion markaz faoliyatini ko‘zdan kechirdi. Tashrif Maxsus komissiya yig‘ilishidan avval amalga oshirildi.
Tadbir davomida Prezidentning ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – milliy qo‘mita raisi Aziz Abduhakimov hamda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov ekologik barqarorlikni monitoring qilishga xizmat qiluvchi axborot tizimlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi.
Xususan, ko‘chalarda chiqindi tashlash holatlarini real vaqt rejimida aniqlovchi onlayn kuzatuv kameralarining ishlash tamoyili namoyish etildi. Shuningdek, issiqlik elektr stansiyalari va qozonxonalardagi gaz bosimini doimiy kuzatib borish imkonini beruvchi avtomatlashtirilgan tizimning ahamiyati haqida ma’lumot berildi. Ushbu tizim gaz bosimi pasaygan holatlarda mazut yoqilishining oldini olishga xizmat qiladi.
Uchrashuvda Saida Mirziyoyeva ekologik vaziyatni yaxshilash borasidagi amaliy natijalar muhimligini ta’kidlab, barcha mas’ul tashkilotlarni faol hamkorlikka chaqirdi.
“Men ko’rmoqchiman, sizlar nimalar qilyapsizlar, qanaqa natijalarga erishyapsizlar. Mayli, bugun havo yaxshi bo’libdi, sal-pal yaxshi bo’libdi. Balki shamol kelgandir, men ishonmayman sizlarga hozir, 1 kunda nimadir qildik desangiz. Ahvolni ko’ryapman-ku, shuncha yildan buyon qaramaganmiz”, — dedi Saida Mirziyoyeva.
Ekologik xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha monitoring tizimlarini takomillashtirish, real vaqt kuzatuv mexanizmlarini keng joriy etish va nazorat choralarini kuchaytirish ishlari davom ettirilmoqda.


