Telegram‘dagi "Xalq ta‘limi Info" kanali admini Ulug‘bek Po‘latov o‘qituvchilar bilan munosabat o‘rnatish kerakligi va haftaning har kuniga dars qo‘yib ularni jazolash shart emasligi haqida o‘z mulohazalarini bildirdi.
"O‘qituvchilarning metodik kunlari bekor qilingach, ayrim toifadagi “rahbarlar” o‘qituvchilar darslarini endi har kunga bo‘lib tashlaymiz, xatto boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga haftaning shanba kuniga dars qo‘yamiz shunda o‘qituvchilar bir soat dars uchun ham ishga kelishga majbur bo‘lishadi degan fikrga boribdi.
Tushuning bunday usul bilan siz hech qachon yaxshi natijaga erisholmaysiz. Bir biznes vakili aytganidek, agar siz, men rahbarman, xodimlarim oyligini olyapti, ishlaydida deyotgan bo‘lsangiz, bu — katta xato", — deydi u.
Ulug‘bek Po‘latov, shuningdek, kamroq ishlab, ko‘proq natijaga erishish mumkinligi, o‘qituvchilarni har kuni maktabga chaqirib, kechgacha ushlab o‘tirib hech qanday natijaga erisholmaslikni qayd etgan.
"Esingizda bo‘lsin, xodimingiz siz oylik to‘layotgan vaqtdagina ishlaydi. Yaʼni, soat 8 dan 2-3 gacha. 3 dan keyin siz ham kerak emassiz, maktab ham. Maktabda taʼlim sifati ko‘tariladimi, tushadimi unga qiziq bo‘lmay qoladi.
Shuning uchun xodimlar bilan munosabat o‘rnating. Ularga imkoniyat berib ko‘ring. Baʼzida vaqtliroq uyiga ruxsat bering. Ammo shunga yarasha o‘zingiz qo‘yayotgan talablarni bajarishni ham sekin asta ularga o‘rgating.
Vaziyatga, SanPin talablariga qarang, hammasi joyidami demak o‘qituvchining qaysidir kuni bo‘sh qolsa hech narsa qilmaydi. Mana senlarga deb haftaning har kuniga dars qo‘yib ularni jazolash shart emas.
O‘qituvchi maktabini yaxshi ko‘rishi kerak. Undan bezishi kerakmas. Maktab rahbarlari esa bunga ko‘makchi bo‘lishi lozim. Ana o‘shanda xodimlar soat 3 dan keyin ham maktab haqida o‘ylashni boshlashadi. Shundagina maktab rivojlanadi", — deya mulohazasini yakunlagan.


