Facebook va Instagramga egalik qiluvchi Amerikaning Meta kompaniyasi 6-iyulga o‘tar kechasi Twitterning asosiy raqobatchisiga aylanishi kerak bo‘lgan Threads matnli xizmatini ishga tushirdi. Meta Twitterga o‘xshash interfeysga ega bo‘lgan yangi xizmat 500 ta belgigacha bo‘lgan xabarlarni, shuningdek, 5 daqiqagacha bo‘lgan fotosuratlar va videolarni joylashtirish imkonini berishini e’lon qildi.
Instagram jamoasi tomonidan ishlab chiqilgan ilovaning oʻzi oʻzini ijtimoiy tarmoqning kengaytmasi sifatida koʻrsatadi:
“Treads boʻyicha bizning qarashimiz Instagram eng yaxshi qiladigan narsani olish va uni matnga kengaytirish, gʻoyalaringizni ifodalash uchun ijobiy va ijodiy maydon yaratishdir”, — deyiladi kompaniya press-relizida.
Qayd etilishicha, 6-iyuldan boshlab ilova 100 dan ortiq mamlakatlarda, jumladan AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Kanada va Yaponiyada App Store va Google Play’dan yuklab olish mumkin. “TASS”ning yozishicha, Threads Rossiyada ham mavjud, biroq u faqat VPN bilan ishlaydi.
Shuningdek, xizmat Yevropa Ittifoqida hali ishlamaydi. Instagram bosh direktori Adam Mosseri The Verge nashriga bu qarorga 2024-yilda kuchga kirishi kerak bo‘lgan ba’zi Yevropa qonunlari sabab bo‘lganini aytdi. Meta asoschisi Mark Sukerbergning so‘zlariga ko‘ra, ishga tushirilgandan keyingi dastlabki to‘rt soat ichida ilovada besh milliondan ortiq akkaunt ro‘yxatga olingan.
Ayni damda Threadsning ishga tushirilishi Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask ijtimoiy tarmoqni 2022-yilning kuzida sotib olganidan keyin Twitter’da sodir bo‘layotgan voqealar bilan bog‘liq. Mask boshchiligida Twitter foydalanuvchilarning turlicha munosabatiga sabab bo‘lgan bir qator o‘zgarishlarga duch keldi, xususan, mikrobloglar xizmati ko‘proq pullik obunachilarga e’tibor qaratishga qaror qildi.


