Ijtimoiy tarmoqlarda bloger O.T. tomonidan qarzdorlik sababli unga o‘rnatilgan cheklovlarning MIB tomonidan bekor qilinmayotganligi haqidagi murojaati eʼlon qilingandi.
Videoda fuqaro 251 mln so‘m qarzdorligini to‘lagan bo‘lsa ham, uning chetga chiqish huquqiga qo‘yilgan taqiq olib tashlanmayotganini, shuningdek, MIB haqida tanqidiy materiallar eʼlon qilishi ortidan shunday holatlar yuz berayotganligini aytgan.
Bundan tashqari, bloger Majburiy ijro byurosi direktori Muzaffar Egamberdiyevni ishdan olinishini so‘rab, Prezident Administatsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga ham murojaat qilgan.
Videomurojaat yuzasidan MIB axborot xizmati holatni o‘rganib chiqib, Zamon.uz'ga rasmiy munosabat bildirdi.
Maʼlum bo‘lishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chust tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor O.To‘xtanazarovdan undiruvchi — Pop tuman davlat soliq inspeksiyasi foydasiga 119,6 mln so‘mlik soliq qarzdorligini undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati 2025 yilning 28 aprel kuni Byuroning Toshkent shahar Shayxontohur tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.
Davlat ijrochisi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunining 23-moddasiga asosan ijro ishi yuritish qo‘zg‘atilgan. Qarzdorlikni to‘lash uchun qarzdorga 5 kun ixtiyoriy muddat berilgan va tegishli tartibda ogohlantirilgan.
Qarzdor tomonidan ijro hujjati talabi ixtiyoriy ravishda bajarilmaganligi sababli unga nisbatan 5 984 036 so‘m ijro yig‘imi qo‘llanilgan va jami qarzdorlik summasi 125 664 760 so‘mni tashkil etgan.
Bundan tashqari, Byuroning Toshkent shahar boshqarmasi organlari ish yurituvida qarzdor O.To‘xtanazarovga nisbatan 2 ta 3,1 mln so‘mlik soliq qarzdorligi, 3 ta 5,6 mln so‘mlik davlat boji va 3 ta 10,7 mln so‘mlik maʼmuriy jarima undirish bilan ijro ishlari mavjud.
Ijro hujjatlari ijrosini taʼminlash maqsadida, qarzdorga tegishli Namangan viloyat Pop tumanida joylashgan 2 ta ko‘chmas mulkka taqiq qo‘yilgan.
Shu bilan birga, Qonunning 42(1)-moddasiga ko‘ra, 2025 yilning 28 may kuni qarzdor O.To‘xtanazarovning ijro hujjatlari bajarilguniga qadar O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqlari vaqtincha cheklangan.
Shuningdek, Byuroning Pop tuman bo‘limi ish yurituvida qarzdor O.To‘xtanazarovga nisbatan 3 ta 98,1 mln so‘mlik soliq qarzdorligi, 2 ta 4,1 mln so‘mlik davlat boji va ushbu ijro hujjatlari ixtiyoriy muddatda ijro etilmaganligi sababli qo‘llanilgan 5,1 mln so‘mlik ijro yig‘imi undirish haqidagi ijro ishlari mavjud.
“Bugungi kunda qarzdor O.To‘xtanazarovga nisbatan jami 14 ta 251 434 649 so‘mlik undiruv bilan bog‘liq ijro ishlari mavjud bo‘lib, barcha qarorlar qonuniy kuchda, ularning bekor qilinganligi yoki to‘langanligi haqidagi maʼlumotlar Byuroga organlariga kelib tushmagan”, deyiladi xabarda.


