Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda Majburiy ijro byurosi (MIB) tomonidan qarzdor fuqarolarning mobil telefonlari bloklanishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu muhokamalarga MIB rasmiy munosabat bildirib, bu kabi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.
Byuro qayd etishicha, ijro hujjatlariga asosan qarzdorligi mavjud bo‘lgan shaxslarga tegishli mobil telefon qurilmalarini bloklash haqidagi xabarlar feyk hisoblanadi. Qarzdorlik yoki ijro jarayonlari fuqarolarning telefonlari va boshqa texnik qurilmalarining ishlashiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi.
MIB fuqarolarga ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorlik mavjud yoki yo‘qligi, shuningdek, xorijga chiqish bo‘yicha cheklovlar haqida ma’lumotni rasmiy manbalar orqali tekshirishni tavsiya etdi. Buning uchun byuroning rasmiy www.mib.uz sayti hamda Google Play Market yoki App Store’da joylashtirilgan mib.uz mobil ilovasidan foydalanish mumkin.
Shuningdek, MIB fuqarolarni faqat ishonchli va rasmiy axborot manbalariga tayanishga chaqirib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan asossiz xabarlarga ishonmaslikka undadi.


