Italiyaning Milan shahrida bo‘lib o‘tayotgan Qishki Olimpiya o‘yinlariga qarshi minglab odamlar norozilik namoyishiga chiqdi. Namoyishchilar Olimpiada bilan bog‘liq ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarga e’tiroz bildirib, shahar ko‘chalari bo‘ylab yurish uyushtirdi. Bu haqda Euronews xabar bermoqda.
Ayrim namoyishchilar politsiyaga qarata petarda va turli buyumlar uloqtirgan, bunga javoban huquq-tartibot idoralari suv purkagichlardan foydalangan. To‘qnashuvlar oqibatida kamida olti nafar namoyishchi qo‘lga olingani ma’lum qilindi.
Namoyishchilar Olimpiya infratuzilmasini qurish uchun daraxtlar kesilgani, sun’iy qor ishlab chiqarish uchun katta miqdorda suv va energiya sarflanayotgani, shuningdek, uy-joy narxlarining keskin oshib borayotganidan norozi ekanini bildirgan.
Bundan tashqari, ayrim ishtirokchilar AQShning Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) agentlarining Olimpiada xavfsizligida ishtirok etayotganiga ham qarshi chiqqan.
Milan va Kortina-d’Ampezzo shaharlarida o‘tayotgan XXV Qishki Olimpiya o‘yinlari 22-fevralga qadar davom etadi.


