Toshkentdagi «Milliy bog‘»da yong‘in sodir bo‘ldi. FVVga ko‘ra, hodisa bog‘ning orqa qismida bo‘lgan.
15-iyun kuni soat 20:58 da Toshkent shahrida joylashgan «Milliy bog‘» hududining orqa qismida quruq o‘t yonayotganligi to‘g‘risida FVBga xabar tushgan, deyiladi xabarda.
"Milliy bog‘"ning orqa qismida sodir bo‘lgan yong‘inga 21:08 da yetib borilib, soat 21:23 da to‘liq bartaraf etildi.
Yong‘in natijasida taxminan 100 kv.m maydonda quruq o‘t yonib zararlangan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q.
Yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.


