Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Vazirlar Mahkamasining "Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasining qo‘riqlash-patrul xizmatini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Qonun loyihasida qayd etilishicha, ushbu xizmat yuzaga kelayotgan kriminogen va ijtimoiy vaziyatga tezkor taʼsir ko‘rsatishni taʼminlash, mahalliy davlat hokimiyati organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlariga qo‘shimcha kuch va vositalarni jalb etish borasidagi huquq va imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida tashkil etilmoqda.
Shuningdek, qaror loyihasiga ko‘ra, Milliy gvardiya qo‘riqlash bosh boshqarmasining qo‘riqlash-patrul xizmati davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlar, tadbirkorlik subyektlari, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar bilan ixtiyoriy ravishda tuzilgan shartnomalarga asosan belgilangan hududlarda tashkil etiladi.
Qo‘riqlash-patrul xizmati tuzilgan shartnomalarda ko‘rsatib o‘tilgan hududda jamoat tartibini saqlaydi, jamoat xavfsizligini taʼminlaydi va shu hududda tegishli obyektlarni qo‘riqlaydi.


