Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Rossiya bilan ehtimoliy gaz oldi-sotdisi, unda qo‘yilishi mumkin bo‘lgan siyosiy shartlar haqida aytib o‘tdi. Bu bo‘yicha u Kun.uz muxbiriga intervyu bergan.
“Biz milliy manfaatlarimizni hech qachon xavf ostiga qo‘ymaymiz. Agarda siz aytayotgan choraga yo‘l qo‘yadigan bo‘lsak ham, faqatgina tijoriy oldi-sotdi shartnomalari orqali amalga oshiramiz. Buning evaziga biror siyosiy shart qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymaymiz.
Agar gazni chegaramizgacha olib kelib, bizga ma’qul narxda bersa, olamiz, bo‘lmasa yo‘q. Boshqa choralarni ko‘ramiz.
Bir narsani to‘g‘ri tushuninglar, bizda gaz tafovuti faqatgina sovuq qishki mavsumda bo‘ladi xolos. Qolgan paytlar to‘liq ta’minlaymiz. Shuning uchun qolgan choralarni ko‘ramiz, qo‘shimcha investisiya kiritamiz, energiya tejamkorlikka olib boramiz, gazdan tashqari muqobil energiya – ko‘mirda ishlay oladigan tarmoqlarni maksimal ravishda ko‘mirga o‘tkazamiz, alternativ energetikani intensiv rivojlantiramiz. Shu kabi choralar ko‘riladi”, – degan vazir.


