Kecha, 27-may kuni Misr hukumati tomonidan O‘zbekiston uchun insonparvarlik yordami tariqasida ajratilgan C gepatitiga qarshi “Daklatasvir” dori vositasining beshinchi turkumini Toshkentga yetib keldi.
Ushbu insonparvarlik ko‘magi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatning Qohiradagi elchixonasi va «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi hamkorligida tashkil etildi. Insonparvarlik yuklarining olib kelinishi O‘zbekiston va Misr o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni yana-da jadallashtirish, virusologiya jabhasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni tashkil etish doirasida ilgari erishilgan kelishuvlarning amaliy natijasi hisoblanadi.
Umumiy hajmi 17 mingdan ortiq “Daklatasvir” dori vositalari O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan shifotalab bemorlar o‘rtasida taqsimlanadi.
Maʼlumot tariqasida qayd etish joizki, Misr sog‘liqni saqlash vazirligi bilan 2023 - 2024 yillar davomida umumiy qiymati 4,8 million dollar hajmidagi 800 ming dona (40 tonnaga yaqin) S gepatitiga qarshi “Daklatasvir” va “Sofosbuvir” dori vositalarini bepul yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.


