Misr va Qatar Shanxay hamkorlik tashkilotining muloqot bo‘yicha hamkori maqomini oldi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.
“14-sentabr kuni Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Misr Arab Respublikasi va Qatar davlatiga ShHT muloqotida sherik maqomini berish to‘g‘risidagi memorandumlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi”, — deyiladi xabarda.
Hujjatlarni ShHT Bosh kotibi Chjan Ming, Misr tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Hamdi Sanad Loza va Qatar tashqi ishlar davlat vaziri Sulton bin Saad al-Mureyxi imzoladi.
Maʼlumot uchun: SHHT 2001 yilda tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. Unda Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Pokiston va O‘zbekiston ishtirok etadi. Kuzatuvchi davlatlar – Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston, hamkor davlatlar – Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka. Joriy yilda Belarus SHHTga to‘laqonli aʼzo sifatida kirish uchun rasman ariza topshirdi.


