Rossiyaning Moskva shahridagi Vnukovo xalqaro aeroportida uzoq yillar davomida faoliyat yuritgan noqonuniy aviachiptalar savdosi sxemasi fosh etildi. Ma’lum bo‘lishicha, qalbaki chipta kassasi orqali 2014-yildan buyon rasmiy tizimlarda ro‘yxatdan o‘tmagan aviachiptalar sotilgan. Ushbu holat natijasida bir qator xorijiy fuqarolar, jumladan, O‘zbekiston va Turkiya fuqarolari ham jabrlangan. Bu haqda MK.RU nashri xabar berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, kassir mijozlardan pul mablag‘larini qabul qilib, haqiqiy reyslar uchun rasmiy bazalarga kiritilmagan hujjatlarni taqdim etib kelgan. Ayrim hollarda esa tushum mablag‘lari vaqtincha boshqa maqsadlarda ishlatilgan, keyinchalik haqiqiy chiptalar qayta sotib olingan. Shu sababli uzoq vaqt davomida firibgarlik aniqlanmagan.
Biroq keyingi yillarda sxema ishlamay qolgan va 20 dan ortiq mijoz pul va chiptasiz qolgan. Jabrlanganlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilganidan so‘ng jinoyat fosh etilgan.
Moskva shahrining Solntsevskiy tuman sudi ushbu ish bo‘yicha ayblanuvchini aybdor deb topib, uni 4,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqardi.
Mutaxassislar fuqarolarga aviachiptalarni faqat rasmiy kassalar, aviakompaniyalar saytlaridan yoki ishonchli onlayn platformalar orqali xarid qilish zarurligini eslatmoqda. Aks holda firibgarlik qurboni bo‘lish xavfi yuqori ekani ta’kidlanmoqda.


