16-dekabr kuni ertalab Moskva viloyatining Odintsovo tumaniga qarashli Gorki-2 qishlog‘ida joylashgan Uspenskaya o‘rta umumiy ta’lim maktabida fojiali hodisa yuz berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur maktabning 9-sinfida tahsil olayotgan, 15 yoshli o‘quvchi pichoq bilan sinfdoshlariga va maktab qo‘riqchisiga hujum qilgan. Moskva viloyati Tergov qo‘mitasi xabariga ko‘ra, hujum oqibatida bir nafar bola olgan jarohatlaridan vafot etgan, qo‘riqchi esa jarohatlanib, og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.
Bir qator manbalarning bildirishicha, hodisa davomida yana uch nafar o‘quvchi jarohat olgan. Shuningdek, hujumchi talabalardan birini vaqtincha garovga olib, u bilan birga sinfxonaga berkinib olgani haqida ham xabarlar mavjud.
Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan o‘smir qo‘lga olingan. Voqea joyiga tergovchilar va sud-tibbiy ekspertlari yetib kelib, tergov harakatlarini boshlagan. Mazkur holat yuzasidan qotillik va qotillikka suiqasd qilish alomatlari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi manbalar RBC nashriga bergan ma’lumotiga ko‘ra, tergovchilar hodisaning bir nechta ehtimoliy sabablarini ko‘rib chiqmoqda. Jumladan, hujum shaxsiy adovat tufayli sodir etilgan bo‘lishi mumkinligi istisno qilinmayapti. Bundan tashqari, o‘smir ekstremistik faoliyatga aloqadorlikda gumon qilinmoqda. Shu munosabat bilan uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari o‘rganilmoqda.


