Moskvada Rossiyaning Radiatsion, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari boshlig‘i general-leytenant Igor Kirillov portlash oqibatida halok bo‘ldi. General bilan birga uning yordamchisi ham halok bo‘lgani aytilmoqda.
Marhumlarning shaxsi dastlab rasman tasdiqlanmagan, faqat 2 kishining o‘limi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani xabar qilingan. Biroq keyinchalik bu maʼlumot Rossiya Tergov qo‘mitasi tomonidan rasman tasdiqlandi.
Rossiya telegram-kanallarida tarqatilgan maʼlumotlarga qaraganda, general va uning yordamchisi tonggi soat 6 larda, Moskva sharqidagi Ryazan prospektidagi ko‘p qavatli uyning kirish yo‘lagida avvaldan o‘rnatilgan bombaning portlashi oqibatida halok bo‘lishgan. Voqea joyida tezkor xizmatlar ishlamoqda.
Maʼlumot uchun, Rossiya Radiatsion, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari - yadroviy, kimyoviy va biologik zararlanish vaziyatlarida faoliyat yuritadi.


