Moskvada Rossiya Mudofaa vazirligi general-leytenanti Vladimir Alekseyevga nisbatan suiqasd uyushtirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, noma’lum shaxs generalga qarata o‘q uzgan deb xabar berdi Ria novosti.
Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 6-fevral kuni Moskvaning shimoli-g‘arbiy qismida sodir bo‘lgan. Voqea joyida noma’lum shaxs bir erkakka bir necha marotaba o‘q uzib, hodisa joyidan yashiringan. Jabrlanuvchi zudlik bilan tibbiyot muassasasiga yetkazilgan.
Holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining qotillikka urinish hamda qurol bilan bog‘liq moddalariga asosan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, videokuzatuv yozuvlari o‘rganilib, voqea guvohlari so‘roq qilinmoqda.
Huquq-tartibot organlari jinoyatga aloqador shaxs yoki shaxslarni aniqlash va ushlash bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlarini davom ettirmoqda.
Eslatib o'tamiz, avvalroq Moskvada portlovchi moslama o‘rnatilgan skuter portlashi oqibatida general Igor Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpov halok bo‘lgan edi. Rus generalini o‘ldirishda ayblangan o‘zbekistonlik erkak umrbodga qamalgani xabar qilingan edi.


