Ustyurtdagi “Mo‘ynoq” konida muhim geologik natijaga erishildi, 3-sonli izlov qudug‘idan sanoat miqyosidagi tabiiy gaz oqimi olindi. Bu haqda Uzbekneftgaz xabar berdi.
Mazkur quduqda burg‘ilash ishlari 2025-yil 8-sentabr kuni “O‘zneftgaz burg‘ilash ishlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan boshlangan. Burg‘ilash jarayonida quyi yura qatlamlari 4 940 metr chuqurlikkacha ochildi.
Endi quduqda uch sutka davomida mahsuldor qatlamning tabiiy xususiyatlarini o‘rganish ishlari olib boriladi. Mazkur sinovlar natijasida quduqning sutkalik gaz debiti, qatlam bosimi hamda boshqa muhim texnik ko‘rsatkichlari aniqlanadi.
Shu bilan birga, Mo‘ynoq maydonida yana ikki quduqda burg‘ilash va sinov ishlari jadal davom etmoqda. Mutaxassislar ushbu quduqlardan ham yaqin kunlarda natijalar olinishi kutilayotganini ma’lum qilmoqda.


