Ijtimoiy tarmoqda Soatmurod Jumayev ismli jurnalist Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida bo‘lib, bir nechta maktabgacha taʼlim tashkiloti mudiralaridan tovlamachilik yo‘li bilan 500 ming so‘mdan pul undirgani haqida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi maʼlumot berdi.
Mazkur holat yuzasidan Muzrabot tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilgan.
Aniqlanishicha, “Bugungi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri S.Jumayev joriy yilning 19 may kuni Muzrabot tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi xodimi hamrohligida tuman markazidagi 4 ta maktabgacha taʼlim tashkilotiga tashrif buyurib, muassasalarning ish faoliyati bilan tanishgan.
Tekshirish davomida ishga aloqador shaxslarning tushuntirish xatlari va boshqa tegishli dalillar bilan C.Jumayevning maktabgacha taʼlim tashkiloti mudiralaridan tovlamachilik yo‘li bilan 500 ming so‘mdan pul undirganligi holati o‘z tasdig‘ini topmagan.
Mazkur holat yuzasidan 31 may kuni yolg‘on axborot tarqatgan fuqaro E.М.ga nisbatan MJtKning 202-2-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy javobgarlikka oid ish qo‘zg‘atilib, to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudiga yuborilgan.