Maʼlum bo‘lishicha, 2022-yil 23-aprel kuni Majburiy ijro byurosi Yangiqo‘rg‘on tuman bo‘limi xodimi fuqaro B.O. qo‘ng‘iroq qilib, ish yurituvida bo‘lgan 4 ta, jami 957 075 so‘mlik maʼmuriy jarimalardan qarzdorligini bartaraf etishni so‘ragan. Oradan ikki kun o‘tib fuqaro davlat ijrochisiga telefon qilib, maʼmuriy jarimalar yuzasidan tuzilgan bayonnomalardan nusxa berishni so‘ragan va shu kuni kech soat 20:45 atrofida mast holatda bo‘limga kelgan.
Tashkilotning nazorat-o‘tkazish joyida qorovulga xodimning oldiga kirishini bildiradi. Bunga javoban qorovul unga ish vaqti tugaganini maʼlum qiladi. Shunda Bahodir janjal ko‘tarib, qorovulning yuz qismiga uradi. Ularni ajratmoqchi bo‘lgan davlat ijrochisini ham urib, tan jarohati yetkazadi.
O‘tkazilgan tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, davlat ijrochisi va qorovulga bosh miya yopiq shikasti, bosh miya chayqalishi, burun suyagining yopiq sinishi, ensa sohasi yumshoq to‘qimalarini lat yeyishi jarohati tashxislari qo‘yilgan.
Mazkur holat yuzasidan Yangiqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan aybdorga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan (bezorilik) jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.


