Prezidentning 2026 yil 9-fevraldagi PQ–50-son qaroriga muvofiq, Navoiy xalqaro aeroporti faoliyati samaradorligini oshirish va uning transport salohiyatini kengaytirish bo‘yicha yangi maqsadlar belgilandi.
Qarorga ko‘ra, 2030 yilga borib aeroportda amalga oshiriladigan parvozlar soni 2,3 barobar oshirilib, yiliga 7 ming taga yetkaziladi. Shu bilan birga, yo‘lovchi tashish hajmini yiliga 150 ming nafarga, yuk tashish hajmini esa 45 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, “Navoiy xalqaro aeroporti” MCHJ “Uzbekistan Airports” AJning markazlashgan operativ boshqaruv tizimidan ajratiladi va uning faoliyatiga loyihaviy boshqaruv tamoyillari joriy etiladi. Bu esa aeroport boshqaruvining mustaqilligini oshirish va samaradorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, aeroport ijro etuvchi organiga o‘z daromadlari hisobidan aviatsiya xizmatlari eksportini kengaytirish, qo‘shimcha xizmat turlarini joriy etish hamda aviayoqilg‘i quyish va saqlash xizmatlari uchun xalqaro bozor talablariga mos tariflarni mustaqil belgilash huquqi beriladi.
Mazkur chora-tadbirlar Navoiy aeroportini mintaqadagi muhim logistika va transport markazlaridan biriga aylantirishga qaratilgan.


